Kanndan gapiramiz: Fransiyada blekaut sodir boʻldi

24-may kuni Fransiyaning mashhur Kann shahri va uning atrofida keng koʻlamli elektr uzilishi yuz berdi. Bu holat Dengizboʻyi Alp departamentining butun gʻarbiy qismini qamrab oldi. RTE energetika tarmoqlari operatorining xabar berishicha, ertalab soat 10 dan boshlab 160 mingga yaqin xonadon elektrsiz qolgan. Elektr uzilishi tufayli internet va mobil aloqa ishlamagan, shuningdek, liftlar, svetoforlar oʻchib, temiryoʻl qatnovi toʻxtab qolgan. Vokzallarda yuzlab yoʻlovchilar sarson boʻlmoqda.
Ayni paytda Kann shahrida nufuzli 78-Kann kinofestivali yakunlanishi kerak edi. Festivalning asosiy tanlov gʻolibini eʼlon qilishdan oldin oxirgi film namoyishlari rejalashtirilgan. Biroq yuzaga kelgan aloqa uzilishi tufayli tadbirga kirish chiptalarini koʻrsatishda muammolar yuzaga chiqdi. Xususan, franko-ispan rejissyori Oliver Lashening “Sirat” filmi festivallar va kongresslar saroyida namoyish etilishi toʻxtab qolgan.
RTE kompaniyasining aniqlik kiritishicha, avvaliga Kann hududidagi elektr podstansiyasida yongʻin chiqqan, soʻngra shaharga yaqin joyda yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasining ustuni qulab tushgan. Bu bir qator avariyalarni keltirib chiqargani aytilyapti. Rasmiy bayonotda “Kann va Dengizboʻyi Alp togʻlari gʻarbidagi yirik elektr uzilishiga jinoyatchilar sabab boʻlgan”, — deyiladi.
Energetiklar elektr taʼminotini imkon qadar tezroq tiklash ustida ishlamoqda. Holat ayniqsa xalqaro eʼtibor markazida boʻlgan festival arafasida yuzaga kelgani sababli, koʻplab mehmonlar va ishtirokchilar jiddiy noqulayliklarga duch kelishmoqda.
Qayd etish joiz, bunday holat avval ham kuzatilgan. 1966-yilda ayni festival davomida elektr taʼminoti uzilishi sababli Klod Lelushning “Erkak va ayol” filmi namoyishi ham toʻxtab qolgan edi. Qizigʻi shundaki, ushbu film keyinchalik bosh sovrin — “Oltin palma yaprogʻi”ni qoʻlga kiritgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring