Ijtimoiy sugʻurta — fuqaro ishonchi, davlat masʼuliyatining yangi bosqichi
Joriy yil boshida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan oʻtkazilgan ilk matbuot anjumani mamlakat ijtimoiy hayotida muhim voqealardan biri boʻldi. Anjumanning asosiy maqsadi — yaqinda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka oddiy va tushunarli tarzda yetkazishdan iborat boʻldi. Tadbir Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida tashkil etildi va unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi masʼullari ishtirok etdi.
Anjumanda taʼkidlanganidek, mazkur Qonun hamda Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq, shu yildan boshlab davlat ijtimoiy sugʻurtasining yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu oʻzgarishlar aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yangi pogʻonaga olib chiqishga qaratilgan. Har ikki huquqiy hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining aholiga davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishga doir qarori ham qabul qilindi.
Yangi tartibga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tugʻish nafaqalari, joriy yil iyul oyidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari davlat ijtimoiy sugʻurtasi orqali toʻlanadi. Bu yangilik, ayniqsa, xususiy sektorda ishlovchi xodimlar uchun ayni muddao. Chunki ilgari mazkur nafaqalar asosan ish beruvchilar zimmasida boʻlgan va bu koʻplab ayollarni ijtimoiy kafolatlardan chetda qoldirgan edi. Yangi tizim esa bu adolatsizlikka chek qoʻyadi.
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi fuqarolarga kasallik yoki homiladorlik davrida daromadni saqlab qolish imkonini beradi. Bu nafaqat moddiy yordam, balki kambagʻallikning oldini olishga xizmat qiluvchi muhim vositadir. Eng muhimi, endilikda ijtimoiy toʻlovlar bilan bogʻliq moliyaviy yuk ish beruvchilar zimmasidan olib tashlanadi. Bu tadbirkorlarga yangi ish oʻrinlarini yaratish, biznesni kengaytirish uchun imkoniyat ochadi.
Avvallari ish beruvchilar xarajatlarni kamaytirish maqsadida homilador ayollarni ishga olmaslikka yoki ishdan boʻshatishga urinish holatlari ham uchragan. Yangi tizim esa bunday holatlarning oldini olib, mehnat bozorida adolatni taʼminlaydi. Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi ijro etuvchi direksiyasi direktori Nodir Muslitdinov taʼkidlaganidek, mazkur tizim rasmiy bandlikni ragʻbatlantiradi. Chunki nafaqalar fuqarolarning sugʻurta stajiga bogʻliq holda tayinlanadi.
— Aniq raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, yangi tizim joriy etilishi natijasida joriy yilda byudjet tashkilotlarida ishlovchi 2,2 million nafar, xususiy sektorda band boʻlgan 3,6 million nafardan ortiq fuqaro, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va norasmiy sektorda faoliyat yurituvchi 7 million nafardan ziyod aholi davlat ijtimoiy sugʻurta tizimi bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan, — deydi agentlik direktorining oʻrinbosari Jamshid Abruyev.
Shuningdek, 2026-yilda 165 ming nafar sugʻurtalangan shaxsga homiladorlik va tugʻish nafaqasi, 1-iyuldan esa qariyb 500 ming nafar fuqaroga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari murojaatsiz, avtomatik tarzda toʻlab beriladi. Nafaqalar elektron shaklda tayinlanishi shaffoflikni oshirib, ortiqcha qogʻozbozlikni kamaytiradi.
Yangi davlat ijtimoiy sugʻurta tizimi — bu shunchaki toʻlovlar emas. Bu inson qadrini ulugʻlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va davlatning fuqaro oldidagi masʼuliyatini amalda namoyon etishdir.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring