Isroilning “keng va qabih maqsadlari” bor — Turkiya prezidenti

11:55 17 Iyun 2025 Dunyo
248 0

Foto: Anadolu Agency

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Tel-Avivning harakatlarini qoralab, Isroil — Eron mojarosini diplomatik yoʻl bilan hal qilishga chaqirdi.

“Juma kunidan beri shaxsan men ham, tashqi ishlar vazirimiz ham Isroil va Eron oʻrtasidagi mojaroga barham berish boʻyicha diplomatik saʼy-harakatlarni faol davom ettirmoqdamiz”, — deydi Erdogʻan.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Isroilning Eron yadroviy inshootlariga hujum qilish bahonasida amalga oshirgan tajovuzi yanada kengroq va qabih maqsadlarni koʻzlagani kundan-kunga oydinlashib bormoqda.

“Biz boshidanoq Eron yadroviy dasturi boʻyicha kelishmovchiliklar muzokaralar stolida hal qilinishi kerakligi haqidagi pozitsiyamizni saqlab kelganmiz va bugungi kunda ham bizning pozitsiyamiz oʻzgarishsiz qolmoqda”, deydi Turkiya yetakchisi Anqara muammoni tinch yoʻl bilan hal etish tarafdori ekanini taʼkidlab. Shu oʻrinda Erdogʻan Isroilni Gʻazo va Erondagi tajovuzi uchun tanqid qildi.

“Mintaqamizda haqiqatni hisobga olmasdan qilingan har bir qadam yangi ofatlarga olib keladi. Bunday ofatlar odatda zolimlarning qulashi bilan tugaydi”, — deydi Erdogʻan.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Gʻazoni xarobaga aylantirgan va mintaqadagi barcha mamlakatlarga nisbatan tajovuzkorlik koʻrsatayotgan Isroil oʻz xatolari koʻlamini anglab yetishi mumkin, ammo oʻsha paytga kelib hammasi qaytarib boʻlmaydigan darajada yoʻqoladi.

“Har bir zoʻravonlik harakati, toʻkilgan har bir tomchi qon, insoniyatga qarshi har bir jinoyat bilan Isroil oʻz hayotini va xalqining kelajagini xavf ostiga qoʻyadi”, — deya ogohlantirdi Turkiya prezidenti.

Mintaqadagi urushlar, jumladan, Rossiya — Ukraina mojarosi fonida Erdogʻan Turkiyaning mudofaa sanoatidagi muvaffaqiyatlarini qayd etdi va milliy mahsulot KAAN qiruvchi samolyotlarini Indoneziyaga 15 milliard dollarga eksport qilish boʻyicha kelishuvni eʼlon qildi.

“Gʻurur bilan aytishim mumkinki, eng qiyin bosqich ortda qoldi. Arsenalimizga kirgan bu mahsulotlar endi seriyali ishlab chiqarishga tayyor… Bugun biz kechagidan ham kuchlimiz, ertaga ham, Allohning irodasi bilan bugundan ham kuchliroq boʻlamiz”, — dedi prezident Turkiya 23-yil ichida uchuvchisiz samolyotlar sohasida yetakchiga aylanganini taʼkidlab.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?