Ishtiyoq boʻlsa – ish ham, daromad ham bor
Har bir mahallaning oʻziga xos anʼanalari, imkoniyatlari bor. Hamma gap – undan toʻgʻri va samarali foydalanishda. Mahallaning “oʻsish nuqtasi”ni aniqlanib, “drayver”ga aylantirilsa – yangi ish oʻrinlari va daromad manbai yaratiladi. Hozir izlangan, harakat qilgan odam uchun barcha imkoniyat bor. Faqat buning uchun puxta reja, aniq maqsad boʻlsa bas.
Oldiga aniq maqsad qoʻyib, ish boshlashni niyat qilgan kishida mablagʻ boʻlmasa-chi? Mahalladagi hokim yordamchisi aynan mana shu masalada maqsadi bor mahalladoshlari uchun yaqin koʻmakchi boʻlyapti, deya olaman. Biz maqsadi bor, mablagʻi yoʻq odamlar uchun moliyaviy yordam taklif etyapmiz. Natijada hozirgi Farobiy mahallasi hududida “drayver” – xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish sohasi rivojlanmoqda. Avvallari mahallada atigi toʻrtta tadbirkor boʻlgan. Hozir ular sakson ikki nafarga yetdi.
“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida bir yilning oʻzida 16 kishiga 33 million soʻmdan imtiyozli kredit ajratildi. Ularning aksariyati ijtimoiy “daftar”larda roʻyxatda turuvchi fuqarolardir. Mahalladagi ishsiz yoshlardan 18 nafariga kasb-hunar oʻrganishi uchun tumandagi monomarkazga yoʻllanma berildi.
Migratsiyadagilar bilan ishlash alohida eʼtiborda. Oʻtgan yilgi xatlovda 21 nafar fuqaro roʻyxatga olingan edi. Kam daromadli ishda mehnat qilayotgan, ogʻir vaziyatga tushib qolganlarga berilgan foydali takliflar natijasida 17 kishi Vatanga qaytdi. Dilobar Ortiqova, Doniyor Ibrohimov va Nusratilla Nigʻmonxoʻjayev misolida bu saʼy-harakatlarimiz mahalladoshlarimiz hayotiga yorugʻlik olib kirdi.
“Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq, yuqori natijaga erishib kelayotgan, ijobiy tajribaga ega 50 nafar hokim yordamchisidan iborat “Loyiha menejerlari” guruhi tashkil etilgan va mazkur guruh tarkibidagi har bir hokim yordamchisi samaradorlik koʻrsatkichlari past boʻlgan tumanlarga biriktirilib, olti oygacha muddatda xizmat safariga yuborilgan edi. Kamina ham guruh tarkibida Namangan viloyatining Norin hamda Mingbuloq tumanlaridagi 8 ta mahallada boʻlib qaytdim.
Toʻrt farzandimni oilam bilan Toshkentda qoldirib, Namanganda xizmat qildim. Bu qarorni qabul qilishda ikkilanib turgan paytim, turmush oʻrtogʻim va qaynonam dalda boʻldi.
Kuni kecha esa Prezidentimiz yana bir hujjatni imzoladi. Bu farmonning oldingisidan farqi shuki, unda zimmamizga vazifa yuklanmadi, eʼtirof berildi. Bir ona, bir ayol, bir davlat xizmatchisi sifatida har qanday vaziyatda, hech ikkilanmasdan, menga dalda boʻluvchi oilam va Prezidentim borligidan faxrlanaman!
Asiya QUDAYBERGENOVA,
Zangiota tumanidagi Farobiy mahallasi hokim yordamchisi,
“Shuhrat” medali sohibasi.
Toshkent viloyati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring