Ishsizlikdan holi hududga aylandik
Oʻtgan yili mahallamiz ahlining turmushi va bandligini oʻrganishga kelgan guruh rahbari “ Rais, qani, bizni doimiy ish bilan band boʻlmagan biror oilaga boshlang” dedi. Mahallamizda u kishi istayotgan xonadon qolmaganligi bois “ Bizda hamma ishli, bekor yurganlar yoʻq” dedim. Mehmon bu gapimga ishonmadi, shekilli, “Xoʻp, unda bir-ikkita hovliga kiraylik-chi...” deya asosan koʻrinishidan dabdabasiz, pastqamroq uylarga kirib chiqdi. Lekin har birida oʻzi kutgan manzara emas, fayzu baraka ufurib turganini koʻrib, buni haqiqatligiga ishondi.
Xoʻsh, u kishi bu xonadonlarda nimalarni koʻrdi? Yashnab turgan tomorqa, moʻl hosilli bogʻdan tashqari molxonadagi oʻndan ziyod qoʻchqor, bir necha sigir va qoʻy-qoʻzilarning oʻziyoq bu xonadonlarda bir emas, bir necha kishi uchun doimiy ish borligi, oila aʼzolari aslo bekor emasligiga dalolat boʻldi. Xonadonlardan birining sohibi mehmonga, “Rosti, bundan toʻrt yil avval qoramol tugul, tovugʻim ham yoʻq edi, shukrki, ham moliyaviy, ham mutaxassislarning chorvachilikni samarali yuritish boʻyicha berayotgan doimiy tavsiyalari tufayli ishimizdan baraka topdik. Dastlab 20 million soʻm kredit bilan ish boshlagan boʻlsam, hozir ogʻilimdagi bir bosh oʻrtacha qoramolimning oʻzi shuncha pul boʻladi...”
Darvoqe, mahalladoshimiz aytganidek, chorvachilikmi, dehqonchilikmi yo boshqami – qaysi yoʻnalishda boʻlmasin, ish boshlagan borki, unga har tomonlama koʻmak berilmoqda. Masalan, biznes – rejasini tuzish, ishni innavatsion usulda tashkil qilishga yordam koʻrsatiladi. Hatto topgan daromadini behuda sarflamay yanada koʻpaytirishgacha foydali maslahatlar ham berib boriladi. Yana bir qulaylik shuki, dehqonchilik, chorva bilan mashgʻul boʻlganlarga agro va zootexnik xizmatlar tashkil qilingan. Qolaversa, zarur preparatlar, oʻgʻitlar uchun uzoqqa borish shart emas.
Mahallamizda soʻnggi yillar davomida kambagʻallikni qisqartirish, ehtiyojmandlarga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatilishini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, oʻtgan yili oilalarning yuzdan ziyod aʼzolari doimiy ishlarga joylashtirildi. Tadbirkorlikni boshlash uchun kredit, ssuda va subsidiya ajratildi. Shu bilan birga dehqonchilik qilib daromad topishlari uchun yer ham berildi. Ana shu kabi saʼy-harakatlar tufayli 2025-yilda kambagʻallik darajasi 8 foizdan 4,5 foizga tushirildi.
Shu oʻrinda aytish lozimki, soʻnggi yillarda mahallamizning bir qator infratuzilmalari yaxshilanishi natijasida ham aholi turmush tarzi sezilarli darajada yuksaldi. Xususan, mahallaning ichki yoʻllari toʻliq taʼmirlandi. Mavjud 25 ta koʻchaga chiroqlar oʻrnatildi, mahalla binosi, sport maydonchasi, salomatlik yoʻlakchalari, qishloq vrachlik punktlari, maktablar taʼmirlandi va moddiy-texnika bazalari yangilandi. Yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ochildi. Ichimlik suvi, gaz taʼminoti, elektr energiyasi tarmoqlari toʻlliq taʼmirlandi. Shuningdek bir qator xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari tashkil etildi.
Mahallamizda aholining ishsiz qatlami keskin kamayib, oilalar daromadi ortganligi har bir xonadonning turmush tarzida namoyon boʻlmoqda. Masalan, yaqinda hisoblab koʻrsak, soʻnggi vaqtda mahallamizdagi 30 dan ziyod oila yangi avtomashina xarid qilibdi. Oʻnlab yangi uylar qad rostladi. Yana bir quvonarli jihat, mahallamizdan oliy oʻquv yurtlarida oʻqiyotgan yoshlar yil sayin koʻpaymoqda. Zero, ana shu misollardan ham maʼlum: harakat qilgan, omilkorlik bilan ish yuritgan borki, albatta ishi yurishadi, baraka topadi.
Dilshod AVEZOV,
Boyovut tumanidagi
“Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring