Ishonchli axborot tarqatish ommaviy axborot vositasining uzoq muddatli muvaffaqiyatini kafolatlaydi
OʻzA oʻttiz uch yoshda
Bugun ommaviy axborot vositalari faqat xabar ulashuvchi vazifasida qolsa yutqazadi. Zamon ularga oʻquvchi bilan doimiy muloqot oʻrnatuvchi intellektual maydon boʻlish talabini ham yuklamoqda.
Kechagi taomillar bugunga toʻgʻri kelmay qolayotgan global dunyoda ishonchli, sifatli, xolis va jamiyat rivojiga xizmat qiluvchi axborot manbai boʻlish oson emas.
Bugun Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA tashkil etilganiga oʻttiz uch yil boʻldi. Oʻtgan davrda agentlikda ish va axborot tarqatish tizimi zamonga mos tarzda bosqichma-bosqich rivojlanib bordi. Sana sabab shu haqida qisqacha toʻxtalamiz.
Aslida agentlik solnomasi bir asrdan koʻproq tarixga ega, lekin keyingi besh-olti yillik faoliyat davomida erishilgan natija ancha salmoqli. Xolis aytganda, bu salmoq axborot texnologiyalarining shiddati va mamlakatda sohaga qaratilayotgan katta eʼtibor natijasidir.
Yurtimizda ommaviy axborot vositalari va soʻz erkinligini taʼminlash borasida qator hujjatlar qabul qilindi. Prezidentning 2019-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida oʻziga xos ahamiyatga ega boʻldi. Qaror bilan agentlik faoliyati qayta tashkil etildi.
Bugungi kunda OʻzA davlat organlari faoliyati va mamlakatdagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarni toʻlaligicha yoritib kelmoqda. Agentlikning tahririyat va markazlari, hududlardagi muxbirlar tarmogʻi tezkor hamda obyektiv axborot uzatishda zamonaviy yondashuvlarga tayanmoqda. Ish jarayonida raqamli texnologiyalar keng joriy etilyapti.
Agentlik faqat rasmiy xabarlar bilan cheklanib qolmasdan, tahliliy maqola, intervyu, reportaj va tanqidiy materiallar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Rasmiy veb-sayt va mobil ilova takomillashtirildi. Bu bilan oʻquvchilar yangiliklarni oson va muntazam kuzatib borish hamda turli formatdagi axborotlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.
Xususan, keyingi yillarda foto va videokontent tayyorlashda katta yutuqlarga erishildi. Koʻp formatli materiallar, infografika va videoreportajlar tayyorlashda ham oʻziga xos yondashilmoqda. Tan olish kerak, tadbirlardan onlayn materiallar uzatilishi, ijtimoiy tarmoqlarda turli sohalarning masʼullari bilan dolzarb mavzularda ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani, aholining agentlikka murojaatlar bilan ishlashda yangi tizim yoʻlga qoʻyilgani oldingi yillar bilan solishtirilganda katta yutuq boʻldi.
Bu ishlar natijasida OʻzA mamlakatimiz “Milliy qidiruv tizimi”da roʻyxatdan oʻtgan ommaviy axborot vositalari reytingi boʻyicha eng yuqori uchlikdan joy olib kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ulashilayotgan materiallarni muntazam kuzatib boruvchilar soni esa jami bir million kishidan oshdi.
Ushbu yutuqlar mamlakat axborot makonida agentlikning mavqeyini yanada mustahkamlashga yordam bermoqda.
Davlat va nodavlat tashkilotlari bilan axborot almashish borasida yaqin hamkorlik mustahkamlangani esa materiallarni tezkor, ishonchli tarzda tarqatishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Shuningdek, xorijiy axborot agentliklari bilan hamkorlik aloqalari kengaydi. Yirik media tadbirlarda faol ishtirok etish, tajriba almashish va mamlakatimiz haqidagi maqolalarni jahon ommaviy axborot vositalari orqali keng tarqatishga erishildi. Bugun OʻzA axboroti oʻzbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab, qozoq va xitoy tillarida keng tarqatiladi.
Shu oʻrinda bir maʼlumotni keltirib oʻtish lozim. Jamoada xodimlar faoliyati samarali boʻlishi uchun ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Buni OʻzA saytiga har kuni 350 dan ortiq, oyiga toʻqqiz-oʻn mingta turli formatdagi jurnalistik material joylanayotganida ham koʻrish mumkin. Bu materiallar esa million martalab koʻrilmoqda.
Aslida agentlik veb-resursi uchun muhim boʻlgan narsa – bu oʻquvchilar soni emas, balki ularning rasmiy saytga boʻlgan ishonchi. Ishonchli va sifatli axborot tarqatish esa ommaviy axborot vositasining uzoq muddatli muvaffaqiyatiga zamin yaratadi.
Shuning uchun tahliliy materiallarni koʻpaytirish, faktlarning chuqur oʻrganilishi, oddiy voqealarni ham oʻziga xos uslubda taqdim etish, mutaxassislar mulohazasi orqali sifatli maqolalar tayyorlash yoʻlidan borilmoqda. Bu boradagi ishlar natijasini faol oʻquvchilar, turli reyting tashkilotlari ham tez-tez eʼtirof etishayotgani quvonarli.
Yaqinda “Brand Analytics” ijtimoiy tarmoqlarning faol auditoriyasi boʻyicha oʻtgan yilning oktyabr oyi tadqiqot natijalarini taqdim qildi. Unda Oʻzbekistonda ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp havola qilingan ommaviy axborot vositalari reytingi ham eʼlon qilindi. Roʻyxatda eng faol yigirmata ommaviy axborot vositasi koʻrsatildi. OʻzA unda uchinchi oʻrinda qayd etildi. Bu kichik natija emas. Ikkinchi pogʻonani esa Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasining rasmiy sayti egallagan. Bu resursning toʻlaligicha ommaviy axborot vositasi emasligini hisobga olsak, www.uza.uz mazkur reytingda 15 ming 628 marotaba iqtibos keltirilgani bilan oʻz-oʻzidan yana bir pogʻona yuqorilaydi.
Ishonchlilik – asosiy qadriyat. Zamonaviy ommaviy axborot vositasi ishonchlilikka tayangan holda faoliyat yuritishi lozim. Axborot tarqatish tezligi qanchalik muhim boʻlmasin, biribir uning haqqoniyligi birinchi oʻrinda turadi. Katta auditoriyaga ega boʻlish muhim boʻlsa-da, asosiy maqsad axborot sifatini taʼminlash sanaladi. Buning uchun agentlikda har qanday maʼlumotni ishonchli manbadan tasdiqlatish tartibiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi oʻz faoliyatini yanada takomillashtirish yoʻlida siz oʻquvchilar fikrlarini qadrlaydi. Bizni kuzatayotganingizdan minnatdormiz!
Ikrom AVVALBOYEV,
OʻzA muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring