Iqtisodiy sudlar tizimi optimallashtiriladi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasini isloh etishda dadil qadamlar tashlanib, bu yoʻnalishda bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ular orqali sudlarning xalqchiligi va ochiqligi, inson huquqlarining ustuvorligini taʼminlash kabi tamoyillar hayotga tatbiq etilmoqda.
Sudlar faoliyatini avtomatlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish doirasida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik taqsimlash, sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish, sud qarorlarini internetda eʼlon qilish, ijro hujjatlarini majburiy ijroga elektron shaklda yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, yagona elektron toʻlov tizimi hamda fuqarolar va tadbirkorlar uchun interaktiv xizmatlar portali ishga tushirildi.
Mazkur islohotlar natijasida sudlarda ish yuritish jarayoni takomillashib, hujjatlar almashinuvi tizimi soddalashtirildi, ijro hujjatlarini chop etish va yuborishdagi xarajatlar kamaydi, sud hujjatlarining tezkorlik bilan ijro organlariga yetib borishi taʼminlandi.
2024-yil 21-avgust kuni Prezidentning “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–140-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, sudlar faoliyatiga “Raqamli sud” konsepsiyasi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Xususan:
— sudga ariza topshirishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida ishning taxminiy natijasi va xarajatlari hisoblab beriladi;
— sudga murojaatlar elektron shaklda yuboriladi;
— taraflar sud binosiga bormasdan, masofadan turib ishtirok etadi;
— ish materiallari bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi;
— sud xarajatlari elektron hisoblanib, toʻlov amalga oshiriladi;
— sud jarayonlari toʻliq elektron shaklda yuritiladi;
— sunʼiy intellekt yordamida sud majlislari bayonnomalari real vaqt rejimida matnga aylantiriladi, sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.
Farmonning yana bir muhim jihati iqtisodiy sudlar tizimida tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlar kiritilishi belgilanganidir.
Ayni paytda iqtisodiy sudlar tuman (shahar), tumanlararo sudlar sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2026-yil 1-yanvardan esa iqtisodiy sudlarni maqbullashtirish orqali tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlari tugatiladi. Ularning oʻrniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Buning asosiy maqsadi – yagona sud amaliyotiga erishish orqali odil sudlov sifatini oshirishdir.
Xulosa qilib aytganda, mazkur islohotlar odil sudlovning sifat va samaradorligini oshirish, fuqarolar hamda sudyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va eng muhimi – aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Sarvar Soliyev,
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring