Insoniy nekbinlik mohiyati

11:02 15 Avgust 2025 Madaniyat
290 0

Foto: Illustrativ foto

Milliy mentalitetimizning asosiy xususiyatlaridan biri — bu vatanparvarlikni shaxsiy narsadan ustun qoʻyish istagi: millat sifatida har qanday tahdidlarga duch kelganimizda, biz doim birlashganmiz, oʻzligimizni namoyon etganmiz. Bunga tarixiy misollar koʻp.

Uzoqqa bormasdan jadid bobolarimizni olaylik: xalqning maʼnaviy uygʻoqligi va maʼrifati uchun oʻz hisobidan maktablar qurdi. Yoki otasining azasiga borishga taqiq qoʻyilgan davrlarda ham millat vakillari oʻz ildizlari, mentalitetini saqlab qoldi. Bunday refleksivlik, asosan, oʻzbeklarga xosmi yoki boshqa xalqlar ham oʻzlarining milliy xarakteri haqida oʻylashadimi?

Taniqli yozuvchi va jurnalist, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid DOʻSTMUHAMMAD bilan millatning gʻoyalari va ideallarini belgilaydigan milliy mentalitet hamda qadriyatlar haqida suhbatlashdik.

— Mentalitet nihoyatda muhim, hamisha dolzarb va gʻoyatda serqirra mavzu. Uni har kim oʻzicha talqin qilishi mumkin, — deydi suhbatdoshimiz Xurshid Doʻstmuhammad. — Toʻgʻri, vatanparvarlik tuygʻusi milliy mentalitetimizning oʻzak tomirini tashkil etadi. Uni milliyligimizning umurtqasiga qiyoslasak ham yanglishmaymiz. Siz ikkita misolni tilga oldingiz. Akademik Azamat Ziyoning “Oʻzbek davlatchiligi tarixi” asari yozuv stolimda turadi. Imkoni topildi deguncha, uni varaqlayman. Miloddan avvalgi 1-ming yillikdan boshlangan, jami 3 ming yillik diyorimiz, xalqimiz tarixi ixcham bir shaklda qamrab olingan. Voqealar silsilasini oʻylab oʻyingizga sigʻdirolmaysiz, qatʼiy bir toʻxtam yoki xulosaga kelish shu qadar qiyinki, uning qiyinligi va murakkabligi ham, umumlashtirib aytganda, vatanparvarlik tuygʻusiga borib taqaladi. Kim kimga qarshi jangga otlanmasin, “Men ota yurtim, ona zaminim uchun kurashmoqdaman!” degan ishonch va eʼtiqod-la qilich yalangʻochlagan. Eng ayanchli joyi xalqimiz tarixi, asosan, oʻzga yurtlarni istilo qilish — zabt etish emas (Amir Temur davrini istisno etganda), oʻz yurtini muhofaza qilishdan iborat. Vatanparvarlik tuygʻusining tarixiy shakllangani boisi ham shunda. Oʻzaro qirgʻinlarda esa asl vatanparvarlik qay tomonda aniqlash mushkul, lekin har qanday mahalliy qirgʻinbarot pirovard oqibatda Vatan manfaatiga putur yetkazgani muqarrar.

Jadidlar harakati mohiyatini vatanparvarlik, millatparvarlik gʻoyalari tashkil etdi, toʻgʻri, lekin shunday ulugʻ harakat uzoqqa bormadi, jiddiy samara koʻrmay, yoʻqlikka yuz tutdi. Savodxonlik istagi jinoyatga teng koʻrildi. Shu oʻrinda juda haqli va nozik savol tugʻilmoqda, biz, avlodlarni chuqur mulohazaga undamoqda: jadidlar harakati xalqimiz, millatimiz mentalitetiga nima berdi? Milliy mentalitetimizni boyitdimi, mustahkamladimi? Prezidentimiz tashabbusi bilan uchinchi Uygʻonish orzusi jadid bobolarimiz saʼy-harakatini qayta anglashdan boshlanayotgani mohiyatida qanchalar chuqur maʼno-mazmun mujassamligi keng zamondoshlar ommasini qoʻya turaylik, ziyoli afkor omma tomonidan nechogʻli toʻgʻri idrok etilmoqda?

Men shu kabi savollar ayni palladagi kechiktirib boʻlmas maʼnaviy-maʼrifiy muammolarimizga chambarchas bogʻlanib ketmogʻi zarurligini nazarda tutmoqdaman. “Moziyga qarab ish tutmoq”qa hech kim qarshi emas, ammo hozirgi hayot oldimizga qoʻyayotgan muammolar milliy, tafakkuriy, fikriy va tahliliy salohiyatimiz imkoniyatlaridan bir necha oʻn (ehtimol, yuz!) karra kattaligi nihoyatda jiddiy tashvishlantirmogʻi zarur. Davr, umr oʻtaveradi, hech bir kuch uning etagidan tutib qololmaydi, lekin hamma gap qanday oʻtishida, nechogʻli omilkorlik, aql-zakovat bilan oʻtishida. Inson davr shamoyillari oʻyinchogʻiga-qurboniga aylanmasin, balki davr va umr mashmashalarini oʻziga boʻysundira bilsin, insoniy nekbinlik mohiyati shunda!

2017-yildan mamlakatimizda boshlangan keng koʻlamdagi inqilobiy islohotlar dunyo miqyosidagi global evrilishlar jarayoniga qoʻshilib-chatishib ketdi. Bashariyat (shu jumladan, Oʻzbekiston xalqi) misli koʻrilmagan chorrahalar oldida yoʻl tanlashga majbur boʻlmoqda. Chorrahalarda esa hayot aql bovar qilmaydigan shiddat bilan kechmoqda, u tezlik gʻoyatda betoqat, besabr, shafqatsiz va murosasiz. Taniqli amerikalik futurist olim Elvin Toffler oʻtgan asrning 60-yillarida chop etilgan tadqiqotlarida insoniyat dahshatli evrilishlar pallasiga kirib kelayotganini bashorat qilgan, buni “Kelajak talvasasi” asarida batafsil bayon etgan. Buning uchun oʻz vaqtida olimni mubolagʻavozlikda ayblaganlar ham boʻlgan. Oqibat-chi? Bir soʻz bilan aytganda, Toffler bashorat qilgan talvasa keltirib chiqaruvchi vahmkor voqea-hodisalar bizning zamondoshlarimiz koʻz oʻngida roʻy bermoqda!

— Masalan?..

— Masalan, biz azal-azaldan milliy qadriyatlar, chunonchi, udumlar, urf-odatlar, tushunchalarga ikki qoʻllab tarmashgan xalqmiz. Bunday holatni milliy fazilat maqomiga koʻtarganmiz. Globallashuv va sunʼiy intellekt zamoni oʻzgarishlari esa, istaymizmi-yoʻqmi, bizning bir qoʻlimizdan tortib, tamomila boshqa iqlimlarga olib qochmoqda. Buning ustiga, xalqimiz shu qadar “migratsiyabop” — jahongashta chiqib qoldiki, asti qoʻyaverasiz! Umumlashtirib aytganda, bir qoʻlimiz milliy, ikkinchi qoʻlimiz umumbashariy qadriyatlar, tushunchalar, qiziqishlar tomon choʻzilgan. Boshqa chora yoʻq, biroq xuddi shu nuqtada kelib chiqayotgan ruhiy, hissiy, ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy va boshqa-boshqa zoʻriqish hamda bosimlarni kimdir bilib-anglagan holda, kimdir bilmay-anglab yetmagan zaylda, uning mushkulliklariga dosh berib yashamoqda. “Dosh berib”ni istagancha talqin etish mumkin. Bizning odamlar uchun xos boʻlmagan, koʻz koʻrib-quloq eshitmagan jinoyatlar ham ana oʻsha “dosh berib”ning ichida. Bilmadim, mutaxassislar tahlil qilishadimi-qilishmaydimi, fikrimcha, oʻta ogʻir jinoyatga qoʻl urganlarning oʻzlari ham oʻz qilmishlarini tushuntirib berolmaydilar. Chunki hozirgi jinoyatlarning ildizi boshqa tomonlarda.

Hammaga tanish, aniq misol keltiraylik. Bir necha yillardan buyon mamlakatimizda koʻcha harakati muammolarini bartaraf etish ogʻir kechmoqda. Eng katta muammo — avtomashina va piyoda yoʻlovchilar munosabatidagi nomutanosiblik. Uning turli sabablari oʻrganilmoqda, choralar ishlab chiqilmoqda, lekin natija, samara deyarli koʻrinmayapti. Sababi fikri ojizimcha, avtomashina va piyoda yoʻlovchilar munosabatidagi nomutanosiblik hozirgina yuqorida aytganim ikki oʻt orasidagi psixologik bosim oqibatlaridan biri. Toʻgʻridan-toʻgʻri mentalitet masalasi bu.

— Qanday qilib?

— Xususiy yengil avtoulov koʻpaygandan-koʻpaydi, bu yangilik va yengillik avtoulovdan malakali foydalanish madaniyatini taqozo etadi. Son-sanoqsiz haydovchilarimiz esa bu qulaylikka savod, malaka borasida tayyor emas. Haydovchi tayyorlash tizimi mutlaqo yaroqsiz. Bu yetmaganday, koʻchada harakatlanuvchi piyoda yoʻlovchilar ham amaldagi qonun-qoidalarga mukammal rioya qilmaydi. Yoʻl harakatini yoʻlga qoʻyish tizimlari ham mazkur yangilikka toʻla shay emas. Aytmoqchimanki, koʻcha harakati madaniyati bamisoli katta bir fan, ilm, alohida yoʻnalish darajasiga koʻtarilmogʻi zarur bir paytda soha oʻzini oʻnglolmaydiganga oʻxshayapti. Vaholanki, bu boradagi yangiliklarni ommalashtirish, keng omma ongiga, tushunchasiga muttasil yetkaza borish mutlaqo oʻzgacha-yangicha tizim yaratishni, joʻn qilib aytganda, yalpi savodsizlikka barham berishni taqozo etmoqda.

— Savodsizlikka barham berishning birgina yoʻli — bu maʼnaviyat. Bizda maʼnaviyat moddiyatga emas, ruhiy komillikka intilgan. Pragmatizm koʻpincha qoralangan. Milliy tafakkurimiz tasavvufga asoslangani bois vijdonga qarshi borilmagan. Insonparvarlikning yuksak namunasini koʻrsatgan Shomahmudovlar oilasini olaylik, Ikkinchi jahon urushi davrida turli millatga mansub qarovsiz va yetim qolgan 13 nafar, urushdan soʻng yana 3 bolani oʻz tarbiyasiga olishgan. Buni tarixda qolish uchun emas, chin yurakdan qilgan. Agar yana biror muammo yuzaga kelsa, oʻzbeklar millatidan qatʼi nazar, butun dunyoga yordam berishni istagan. Shundan haligacha bizning davlatimiz koʻp millatli, turli madaniyatlarga hurmat va bir-biriga muhabbat saqlanib qolgan. Biroq bugungi globallashuv barcha insonlar mahrajini yoʻqotib, faqat suratni qoldirishga zoʻr bermoqda. Yoʻlchi, Obid ketmon, Oʻzbekoyimlardagi milliy xarakter zamonaviy oʻzbeklarda uchramayapti. Sizningcha, bugun qadriyatlarimizni qay darajada qayta koʻrib chiqishga ehtiyoj sezilmoqda?

— Yoʻq, xalqona-milliy qadriyatlar qayta koʻrib chiqiladigan muammo emas, u oʻz holicha, yashash va fikrlash tarziga qarab goh sekin, goh shiddat bilan oʻzgaruvchan hodisa, jarayon. Milliy qadriyatlarga real hayot tarzi sayqal beradi, maromga keltiradi, toblaydi. Bizda bu jarayon gʻoyatda sust kechadi.

Bizda alohida taʼlimot darajasiga koʻtarila borayotgan “Maʼnaviyat-maʼrifat” tushunchasi mohiyatini tashkil etgan maʼno-mazmun, maqsad-muddao, muammoyu iddaolar Toffler taʼlimoti magʻziga yaqin. “Maʼnaviyat-maʼrifat”ning qudratli kuchiga, uning yengilmasligiga koʻproq urgʻu beramiz, bunda biz milliy qadriyatlarimizga ishonamiz, oʻtmishimiz bezagiga aylangan bir qator misollarni qayta-qayta tilga olishdan charchamaymiz. Bu oʻrinda tasavvufni qoʻya turaylik, lekin diniy eʼtiqod taʼsirida boʻlsa kerak, milliy tiynatimizda mazlumga, ehtiyojmandga beminnat yordam qoʻlini choʻzishga moyillik bor. Shu bilan bir vaqtda savol tugʻilmoqda: nima uchun bugun odamlarimizda Yoʻlchi, Obid ketmon, Oʻzbekoyimdagi milliy feʼl-atvor uchramasligidan ranjimogʻimiz kerak? Siz tilga olgan har uchala ism XX asr oʻzbek adabiyotining oʻziga xos badiiy obrazlari sifatida tarixda qoladi, bunga shubha yoʻq, biroq ular keng kitobxonlar ommasiga, xususan, yoshlarimizga ibrat-etalon boʻlolmaydi. “Oʻtkan kunlar”ni eslaylik. Margʻilonda, Ziyo shohichining xonadonidagi mehmondorchilikda Otabek Shamayga borganidan soʻz ochiladi. “Rus shaharlariga borib, savdo qiluvchilar Turkistonda juda oz hisobda boʻlib, ularni koʻrgan Otabek majlisga tansiqlandi”. Yaʼni Otabek dunyo koʻrgan-yurt koʻrgan odam sifatida yonidagilardan bir bosh yuqoriladi. “Bizning idoramiz, — deydi u oʻychanlik bilan, — bugungi tartibsizligi bilan keta bersa, holimizning nima boʻlishiga aqlim yetmay qoldi”.

Qodiriy hazratlari Otabek timsolida dunyo kezgan inson nazari bilan mahalliy hayot tarzini oʻxshatib taftish etmoqda. Ayrim adabiyotshunos doʻstlarimiz ushbu holat taʼsirida tugʻilgan hayrat hayajonida Ziyo shohichi va Mirzakarim qutidor darajasida qolib ketishlari ajablantiradi odamni. Vaholanki, Otabekning Shamay (Semipalatinsk shahri) taassurotlariga berilishi taʼsirida biz bugungi holatga teran qaramogʻimiz darkor. Bugungi holatni esa koʻrib turibmiz: endilikda vatandoshlarimiz oyogʻi yetmagan mamlakat qolmadi hisob! Magʻribu Mashriqni qoʻying, yirik yo mayda davlatlarni qoʻying, dunyo xaritasida koʻz ilgʻamas nuqta bilan belgilangan orollarda ham oʻzbeklar yashayotgani juda chuqur oʻylarga, mushohadayu mulohazalarga toldirmogʻi kerak! Dunyo uzra sochilib yotgan vatandosh-millatdoshlarimiz ham oʻzbek, oʻzbekistonlik, ishoning, ularning birortasi ona yurtga, Vatan taqdiriga befarq emas, qolaversa, ular Oʻzbekistonning mislsiz boyligi, xazinasi hisoblanadi! Ular toʻplagan-toʻplayotgan bebaho tajribalari — Oʻzbekistonning mulki. Oʻzlarini milliy qadriyatlarimiz jonkuyarlari deb bilgan ayrim nufuzli ziyolilarimiz ahyon-ahyonda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatayotgan “sachratma”lari mayda va bachkanaligi bilan, “xonaki safsata”ligi bilan gʻashga tegadi, ensani qotiradi, xolos. Kelinglar, bir taklif tevaragida mashvaratlashaylik: respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan 15 — 20 ta savoldan iborat anketa tuzilsa-da, Yer yuzidagi yuzlab davlatlarda hijratda yashayotgan millionlab vatandosh-millatdoshlarimizga nomma-nom tarqatilsa. Javoblar olinsa, oʻrganilsa, umumlashtirilsa — hayotimizga tatbiq etilsa! Eh-he-ye, ozmuncha qimmatli takliflar, istaklar yogʻiladimi?!

Hozirgi texnik vositalar yordamida bunday tajribalarni juda osonlik bilan amalga oshirish mumkin, xohish boʻlsa, bas.

— Deylik, siz xorijda yashayapsiz, qanday takliflar aytgan boʻlar edingiz? Savolni davom ettirsak, bizning mentalitetimiz markazida turgan “suverenitet” soʻzi butun mazmun-mohiyati bilan hali qalbimizga chuqur singib ketmagan, bu soʻz aslida Vatanimizning himoyasi va rivoji yoʻlida birlashish, tashvishlanishni bildiradi. Agar biz suverenitetni anglasak, mustaqillik qadriga yetamiz. Sohibqiron Amir Temur: “Kuch — adolatda” deydi. Ona Vataniga xiyonat qilmagan Shiroq ham suveren ongning yorqin namunasidir. Ayting-chi, “suveren ong” haqida sentyabrda taʼlim maskanlarida bir-ikki soat oʻtilayotgan “Vatanshunoslik”, “Mustaqillik kuni” darslari... Yoki mustaqillik maydonlari, Adiblar xiyobonidagi qahramonlar haykali toʻliq tushuncha bera oladimi? Bu boradagi taʼsirchanlikni oshirish uchun qanday taklif-tavsiyalar ayta olasiz?

— Avvalo, men xorijda yashamayman. Menga hech kim 15 — 20 ta savol bilan murojaat etganicha ham yoʻq. Soʻzni muxtasar qilsak, vatanparvarlik, mustaqillik va hokazo muqaddas tuygʻularni targʻib qilishdagi almisoqdan qolgan shakllardan, vositalardan voz kechmoq kerak. Bu boradagi soxtakorliklar, jimjimalar aks taʼsir koʻrsatadi, koʻrsatmoqda ham. Sohibqironning siz eslagan bagʻoyat yoqimli soʻzini koʻp takrorlaymiz. Lekin savol tugʻiladi: qanday jamiyatda “Kuch — adolatda” qaror topadi? Nazarimda, oʻsha davrning mirzolari, jurnalistu blogerlari Temur boboga bunday savol bilan murojaat qilishga botina olishmagan...

“Suveren ong” suveren shaxsda kamol topadi. Hozirgi turmush tarzi shaxslashuv uchun ayni muddao, buyuk Uygʻonishga ham favqulodda shaxslarsiz erishilmaydi, faqat bu borada ham “soatbay”, “tadbirbay” tantanavozliklardan voz kechilmayotgani ajablantiradi odamni.

Har ishda targʻibot kerak, lekin targʻibot uslubi yangilanmogʻi shart. Bilasizmi, targʻibot — qanchalar targʻibot ekanligi sezilmasa, shuncha koʻp samara beradi. Aks holda...

Taʼsirchanlikning eng sinalgan usuli — kitob, badiiy adabiyot, ilmiy adabiyot! Bizning zamonga kelib, odamzod oʻzi oʻtirgan shoxga arra tortmoqda. Ishonch bilan aytaman, katta adabiyot, katta isteʼdod va mahorat bilan yozilgan badiiy asarlar kurrai zaminimiz, bepoyon osmonimiz, zamon va zamondoshlarimiz taqdiri bilan oʻynashayotgan vallomatlarni tartibga chaqiradi, hushyorlikka undaydi, ularni dunyoga va odamzodga ezgu nigoh bilan qarashga daʼvat etadi! Zero, odamning koʻziga tik qarab turib, “Sen — insonsan!” deya uqdirishga faqat va faqat adabiyot, badiiy soʻz qodir!

— Siz “Sof oʻzbekcha qotillik”, “Jajman”, “Bozor” kabi asarlaringizda oʻzbek xarakteri, ruhi va dunyosini ochishni qoyillatgansiz. Maqolalaringizda esa xalqimiz tiynatida ortiqcha dabdabalarga moyillik borligidan kuyinib yozasiz. Ayting-chi, oʻzbekchilik boshqa xalqlardan nimasi bilan farq qiladi? Chunki bu soʻzning boshqa tillarda aniq muqobili yoʻq. Oʻzbekchilik oʻzi nima? Bunday tushuncha haqida boshqa xalqlar qanday oʻylaydi?

— Qarang, miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Xorazmda sunʼiy sugʻorish tizimlari ishlab turgan. Ijtimoiy tabaqalar shakllangan. VIII-VII asrlarda shahar madaniyatiga asos solingan. Joʻn gaplar emas bular. Aqlga-tasavvurga sigʻdirish mahol deng! Taassuflar boʻlsinki, olis tarix bizning xalqimizga uzluksiz taraqqiyot, uzluksiz yuksalish, uzluksiz va davomli barqarorlikni ravo koʻrmadi. Sogʻlom va puxta mentalitet esa barqaror muhitda vujudga keladi, shakllanadi, ulgʻayadi. Xalqimiz nihoyatda ijtimoiy barqarorlikka muhtoj. Koʻr-koʻrona dabdabaga moyillik Temur bobolar, xonliklar davridan meros. “Mehmondoʻst millat” ekanligimiz koʻp tilga olinadi, men millatimiz tiynati haqida soʻz ochilsa, mehnatkash, halol, madaniyatli, ziyoli, ilmparvar, insof-eʼtiqodli, mulohazali, uddaburon va ahil-inoq xalq deya nom qozonishini juda-juda orzu qilaman.

— Xurshid aka, maʼnaviyat va qadriyatlarga, anʼanalarga tahdidlar kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Najot nimada deb oʻylaysiz?

— Hozir odamzod qavmi erta tongdan koʻzini ochib-ochmay qanday qilib jon saqlash tashvishida bosh qotirmoqda. Biror tirik jon, kimligidan qatʼi nazar, favqulodda tajovuzdan kafolatlanmagan. “Falon mintaqadagi ikki qoʻshni davlat kelisholmay turibdi, uning bizga daxli yoʻq” deydigan zamonlar oʻtdi-ketdi. Biz esa davlatimiz rahbari daldasida uchinchi Uygʻonish choʻqqisini koʻzlamoqdamiz. Bu — olamshumul nekbinlik, olamshumul dadillik! Bu nekbinlik va dadillik toʻlqiniga, albatta, uygʻoqlik yarashadi. Bu maqsad-muddao yoʻlida barcha-barcha imkoniyatdan samarali va oqilona foydalana bilishdan oʻzga chora yoʻq, deb oʻylayman.

Najot — yangi zamon odamlarining ongi, tafakkuri, intilishidagi foydali harakat ulushini yagona kuch-quvvat sifatida amaliyotga tatbiq eta bilishimizda!

Suhbatdosh: Adiba UMIROVA

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?