Imtiyozli ipoteka tizimidan oshayotgan bogʻcha toʻlovlarigacha: 1-iyundan kuchga kiradigan qonunchilikdagi 11 oʻzgarish

17:39 31 May 2024 Siyosat
519 0

Illyustrativ foto

2024-yilning 1-iyunidan boshlab mahalliy qonunchilikdagi oʻzgarishlar sababli ayrim oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda. “Norma.uz” portaliga koʻra, quyidagi 11 oʻzgarish eng asosiylari hisoblanadi.

1. Mehnat muhojirlariga kompensatsiya toʻlanadi

“Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda; “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq – BHMning 5 baravarigacha miqdorda; yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya toʻlanadi.

2. Chiqindi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganida elektr taʼminoti uchun toʻlov qabul qilinmaydi

Toshkent va Nukusda hamda viloyatlar markazlarida chiqindi xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni bartaraf etmaguniga qadar abonentlarning elektr energiyasi uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash joriy etiladi (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno). Cheklov chiqindi boʻyicha 6 oylik qarzdorlik mavjud boʻlganida qoʻllaniladi.

3. “Ekologik transport” tizimi ishga tushiriladi

“Ekologik transport” tizimi doirasida hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqib “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratib, transport vositalariga ularning diagnostikasiga “yashil”, “sariq” va “qizil” stikerlar beriladi.

Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya toʻlovlari joriy etiladi. Ekologik zonalar hududida foydalanish cheklanishi yoki taqiqlanishi ham mumkin.

2024-yil 1-iyundan boshlab respublikaning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va uning natijalari boʻyicha ekologik stikerlar berish mazkur xizmatlar uchun alohida toʻlov undirilmasdan transport vositalarini DYHXX boʻlinmalarida roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

4. Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqiladi

BHMning 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilishini nazarda tutuvchi “Yosh tadbirkor” tanlovlari oʻtkaziladi.

5. Zoʻravonlikka uchragan ayollarga yordam beriladi

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy va yuridik xizmatlar koʻrsatish tartibi joriy etiladi.

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan roʻyxatga olinadi.

6. Aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun imtiyozli ipoteka

“Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablagʻlari hisobidan ipoteka kreditlari ajratiladi.

Bunda ipoteka kreditlari 120 million soʻmgacha miqdorda (20-yilgacha muddatga), Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun ajratiladi.

Ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12%dan oshgan qismiga subsidiya toʻlanadi.

7. Barcha hududlar brutto-shartnomalarga oʻtkaziladi

Nukus va boshqa viloyat markazlarida muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi ishga tushiriladi.

8. Bogʻcha pedagoglarining oyliklari oʻzgaradi

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari maktablarning tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtiriladi.

9. Yangi uylarga seysmik talablar oʻrnatiladi

Sakkiz va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalashtiriladi.

Yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa boʻlgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalashtiriladi.

9. Davlat bogʻchalarida toʻlovlar oshadi

Davlat bolalar bogʻchasida bolalar taʼminoti uchun toʻlov miqdori joylashgan joyi, boʻlish vaqti va bir oiladan boradigan bolalar soniga qarab oʻrtacha 18,7–21 foizga oshiriladi.

10. Xorijiy kompaniyalar uchun huquqiy rejim beriladi

Raqamli texnologiyalar xalqaro markazida 5-yilgacha boʻlgan muddatga xorijiy kompaniyalar uchun qoʻllaniladigan maxsus huquqiy rejim eksperiment tariqasida joriy qilinadi.

11. “Ishga marhamat” va kasb-hunarga oʻqitish markazlarining oʻqituvchilariga imtiyozlar beriladi

“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlarining oʻqituvchilari hamda muhandis ustalarini maqomi boʻyicha professional taʼlim muassasalari pedagoglariga tenglashtirish hamda ularga ushbu xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari tatbiq etiladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер