Importdan arzonroq mahalliy mahsulot yaratgan davlat korxonalari muhandislariga mukofot beriladi

16:31 13 Fevral 2026 Siyosat
467 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻtgan yili xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 2,5 milliard dollarlik shartnomalarda mahalliy kompaniyalarning ulushi bor-yoʻgʻi 15 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yigʻilishda maʼlum qilindi.

Yoki davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan boʻlsa, Olmaliq kombinati, “Oʻztransgaz”, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Uzbekistan Airports” va “Oʻzbekiston havo yoʻllari”da 40 foizga ham yetmaydi.

Tadbirkorlar “davlat xaridi, ekspertiza, sertifikat olishda byurokratiya koʻp, idorama-idora yurish kerak” deb aytayotgani, ayrim vazirlar va tarmoq rahbarlari “chet elniki sifatliroq” degan eskicha fikrda yurib, mahalliy tadbirkorlarga yoʻl bermayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Bu tizimni tubdan isloh qilish, mahalliy korxonalarni xalqaro moliya institutlari loyihalari va davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi.

Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar har bir loyihadagi muzokara, tender, qurilish, xomashyo topishni barcha bosqichida mahalliy ulushni koʻpaytirishga shaxsan javob berishi qayd etildi.

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi qaysi korxona nima chiqarayotgani, quvvati, texnik parametri, sertifikati koʻrinib turadigan platformani ishga tushiradi.

Tarmoq rahbarlari va hududiy sanoat shtablari har bir korxona mahsulotini nomma-nom, texnik xususiyati bilan ushbu platformaga kiritadi. Yangi platformada mahalliy mahsulot boʻla turib, import tovar sotib olgan davlat tashkilotlarida xaridlarning asosli ekanligi oʻrganib boriladi. Davlat kompaniyalari import qilayotgan tovar, ularning hajmi va texnik parametrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har oyda ushbu portalda eʼlon qilib boriladi.

Tarmoq rahbarlariga import xomashyo va butlovchi qismlarni oʻzimizda ishlab chiqarish imkoniyatini chuqur oʻrganish uchun mahalliy va xorijiy konsultantlarni jalb qilish topshirildi.

Xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokara oʻtkazib, loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 25-30 foizga olib chiqish boʻyicha kelishuvga erishish muhimligi qayd etildi.

Mahalliy mahsulotlarni koʻpaytirish uchun tashkil qilinadigan alohida jamgʻarma hisobidan mahalliylashtirish loyihalariga 10-yilgacha xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada 12 foiz kredit ajratiladi. Tadbirkorlarga ilgʻor texnologiyalar transferi uchun 1 million dollargacha, sanoat startaplari uchun 1 milliard soʻmgacha kompensatsiya beradi.

Endi davlat korxonalari muhandislari importdan arzonroq mahalliy mahsulot yaratsa, tejalgan mablagʻning 20 foizi ularga mukofot qilib beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер