Ilm qadr topgan yurtda yashash saodati
Oʻzimni eng baxtli olima, ayni paytda eng omadli oʻqituvchi sanayman. Sababi yosh boʻlishimga qaramay, yurtimizdagina emas, balki Markaziy Osiyodagi nufuzli va yirik oliy oʻquv yurtlaridan biri — Oʻzbekiston Milliy universitetida talabalarga saboq berib kelyapman.
Yaqinda 105-yillik yubileyini nishonlagan universitetimiz tarixini bilmaydiganlar topilmasa kerak. U Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda tashkil etilgan birinchi oliy oʻquv yurti hisoblanadi. Yaʼni faoliyatini 1918-yili Turkiston xalq universiteti sifatida boshlagan boʻlib, keyinchalik Turkiston davlat universiteti, Oʻrta Osiyo davlat universiteti, Toshkent davlat universiteti nomini olgan.
Prezidentimizning tegishli Farmoniga binoan Milliy universitet maqomi berildi. 1995-yildan eʼtiboran esa Mirzo Ulugʻbek nomi bilan atala boshlangan.
Universitet hayotida soʻnggi yillarda sifat oʻzgarishlari yuz bermoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, islohotlarning yangi davrida OʻzMU rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qoʻydi.
Davlatimiz rahbarining “2019 — 2023-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida talab yuqori boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bunda muhim omil boʻldi. Natijada u yoshlarning isteʼdodi yuzaga chiqadigan, ilmiy gʻoya va tashabbuslari amaliyotga koʻchadigan ilm-maʼrifat maskani, innovatsiyalar markaziga aylanmoqda. Oʻzimning ilmiy-pedagogik faoliyatim misolida buning guvohiman.
Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlarga, ayniqsa, xotin-qizlarga bilim olishi, ilmiy izlanishlar qilishi uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, taqdim etilayotgan ulkan imkoniyatlar inʼikosini OʻzMUda yaqqol koʻrish mumkin. Buning samarasi oʻlaroq, talaba-yoshlar orasidan yosh olimlar yetishib chiqmoqda. Ular safida xotin-qizlar soni koʻpayib borayotgani, ayniqsa, quvonarlidir.
Oʻzimdan qiyos. “Shakar oʻrnini bosuvchi moddalar asosida qonda giperglikemiya chaqirmaydigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyiham “Boʻlajak olim” respublika tanlovida yuqori baholanib, 14 nafar gʻoliblar qatorida ragʻbatlantirishga tavsiya etildi.
Aytish joizki, hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish hamda ularning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tanlov mening ilmiy faoliyatimda tub burilish yasadi. Oʻzimga boʻlgan ishonchni oshirdi. Ilmiy ishimni davom ettirib, olim boʻlish qarorimni yanada qatʼiylashtirdi.
Nomzodlik ilmiy-tadqiqotimni “COVID-19”ga chalingan organizmlar faoliyati tiklanish davrining fiziologik mexanizmlari” mavzuida olib bordim. Bu mavzuning bejiz tanlaganim yoʻq. Chunki 2019-2022-yillarda ushbu dardga chalingan bemorlarning koʻpchiligi bu yorugʻ olamni tark etdi. Ular orasida otajonim shifokor Bahodir Ahmedovning ham borligi ilmiy ishimga boshqacha nazar bilan yondashishga katta turtki boʻldi. Butun dunyoni algʻov-dalgʻov qilib yuborgan ushbu virus oqibatlarini, “COVID-19”dan keyingi tiklanish davrining fiziologiyasini chuqurroq tadqiq qilishga urindim.
Tabiiyki, bunda ustozlarim, ayniqsa, OʻzMU biologiya fakulteti dekani, professor Toʻxtasin Abdrahmonov, “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” kafedrasi jamoasi, ilmiy rahbarim akademik Bakridin Zaripovning yordamlari biqiyos boʻldi. Qolaversa, rasmiy opponent sifatida “COVID-19 boʻyicha yetuk mutaxassis, professor N.Atabekovning tayinlangani zimmamdagi masʼuliyatni yanada oshirdi.
Olib borilgan izlanishlar natijasida “COVID-19”ga bagʻishlangan 20 dan ziyod maqola, tezislarim dunyoning nufuzli jurnallarida, konferensiyalarda chop etildi. Jahonda ilk bor mening mavzuimda jonajon Yangi Oʻzbekistonimizda, Oʻzbekiston Milliy universitetida I Xalqaro koronavirus fiziologiyasiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya, shu yili uning mantikiy davomi immunofiziologiyaga oid xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Unda jahonning 20 dan ortiq davlatlaridan nufuzli olimlar maʼruzalar bilan qatnashishdi.
Biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktorligi uchun yozilgan dissertatsiya ishimni Samarqand davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda himoya qildim. Falsafa doktori (PhD) diplomimni qadrdon universitetimizning qutlugʻ 105-yillik tantanalari arafasida qoʻlimga olganim men uchun qoʻshaloq bayram boʻldi.
Men ilm qadr topgan yurtning yosh olimasi, yosh mutaxassisi ekanligimdan faxrlanaman. Prezidentimizning yoshlarga bildirayotgan ishonchini oqlash, berilayotgan keng imkoniyatlarga munosib javob qaytarish, Vatan ravnaqiga xizmat qiladigan fidoyi yoshlar qatorida boʻlish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.
Gulsara AHMEDOVA,
Oʻzbekiston Milliy universiteti Biologiya fakultetining
“Odam va hayvonlar fiziologiyasi” kafedrasi oʻqituvchisi,
biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring