Ikki qardosh xalqqa oid arxiv hujjatlari koʻrgazmasi

18:04 24 Aprel 2025 Jamiyat
235 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro shahrida Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi, viloyat hokimligi va Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Oʻzbekiston va Ozarbayjon ikki qardosh xalq” mavzusida arxiv hujjatlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Tadbirda Ozarbayjon Milliy arxiv boshqarmasi vakillaridan iborat delegatsiya ham ishtirok etdi.

Sirasini aytganda, ikki xalq oʻrtasidagi qardoshlik aloqalari chuqur ildizga ega. Shu oʻrinda bir misol. Buxorolik moziyshunoslar Muhammadjon Yusuf al-Qorabogʻiy nomini hurmat bilan tilga olishadi. U asli ozarbayjonlik, ammo umrining koʻp qismini Buxoroda oʻtkazgan. Al-Qorabogʻiy XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmidagi Markaziy Osiyo ijtimoiy-falsafiy va ilmiy tafakkuri rivojiga munosib hissa qoʻshgan ulugʻ avliyo, hikmat va kalom ilmlari ustozi, tilshunos, tasavvufshunos olim va shoirdir. Mavlono Yusuf Qorabogʻiy Buxoro tumani, Sepulon qishlogʻida yashagan va shu yerda 1645-yilda vafot etgan. Qabri Buxoro tumani, Losha qishlogʻiga borar yoʻl yoqasida.

Bevosita koʻrgazmaga toʻxtaladigan boʻlsak, unda ikki xalq oʻrtasidagi azaliy doʻstlikni ifodalovchi koʻplab tarixiy fotosuratlar oʻrin olgan. Ular kishini bir zum yaqin oʻtmishga yetaklab, ikki respublika yetakchilari, adabiyot va sanʼat namoyandalari, oddiy odamlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yodga soladi. Bu anʼana bugungi kunda izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Tadbir ishtirokchilari qatorida viloyat ozarbayjon madaniy markazi vakillarini ham koʻrish mumkin edi.

— Oʻzbekiston – bizning Vatanimiz, — deydi markaz rahbari Maral Mamedova. — Markazimiz oʻz atrofiga 200 nafardan ziyod qavmimiz vakillarini jamlagan. Barcha millat va elatlar bilan tinch-totuv yashab kelyapmiz. Bugungi tadbir ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanayotganidan darak beradi.

Koʻrgazmada qatnashgan Ozarbayjon Milliy arxiv boshqarmasi boshligʻi Asker Adil oʻgʻli Rasulov ham bu kabi tadbirlarning ahamiyatiga alohida urgʻu berdi.

Koʻrgazma doirasida “Oʻzbekiston – Ozarbayjon aloqalari arxiv foto hujjatlarida” kitob-albomining taqdimoti oʻtkazildi.

Ozarbayjonlik mehmonlar milliy madaniy markazlar faoliyat yuritayotgan “Doʻstlik” uyida boʻlishdi. Ular koʻhna Buxoroning diqqatga sazovor joylarini ham tomosha qilishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?