Ikki hududda psixotrop moddalar savdosi toʻxtatib qolindi

18:36 06 Fevral 2026 Jamiyat
332 0

Toshkent shahri va Andijon viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Maʼlum boʻlishicha, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqarolar K.T. va boshqalar fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan 170 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 13,6 million soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Chilonzor tumani boʻlimi xodimlari tomonidan xuddi shunday hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Unga koʻra, fuqaro D.K. fuqaroga 30 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 300 AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlanib, jami 36 dona “Zardeks” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Bundan tashqari, Departamentning Andijon shahri boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan O.U. va boshqalar qoʻlga olingan.

Ular fuqaroga xorijda ishlab chiqarilgan 5 dona “Tropikamid” va 5 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 1,8 million soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ularning yashash xonadonidan 24 quti kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер