Ichki ishlar xodimini pichoqlagan ruhiy nosogʻlom erkak protsessual tarzda qoʻlga olindi (+video)

09:04 20 May 2025 Jamiyat
254 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ichki ishlar xodimi pichoqlab ketilgani aks etgan video keng tarqaldi. Mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, kecha, 19-may kuni soat taxminan 18.30 larda Yunusobod tumani Yunusobod Dehqon bozori hududida xizmat olib borayotgan Yunusobod tumani IIO FMB Post-patrul xizmati inspektori safdor I.Ibragimov yer osti tushish yoʻli oldida oʻtib ketayotgan fuqaro oʻzining xatti-harakatlari bilan shubha uygʻotganligi sababli, uni toʻxtatib tekshirayotgan vaqtida, yonida boʻlgan pichoq bilan toʻsatdan xodimga hujum qilib, boʻyin qismiga jarohat yetkazgan.

Jarohatlangan xodim zudlik bilan kasalxonaga olib borilgan. Koʻrilgan tezkor tibbiy muolajalar natijasida xodimning hayotini saqlab qolishga erishilgan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumondor shaxs ushlangan. Oʻta ogʻir turdagi jinoyatni sodir etgan shaxsni qoʻlga olish chogʻida, uni yashirinish maqsadida jamoat transportiga chiqib olganligi, gumondorni qoʻlida sovuq quroli boʻlganligi, atrofdagi fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetishini oldini olish zarurati mavjudligi inobatga olinib, amaldagi meʼyoriy qonun hujjatlariga toʻliq rioya qilgan holda, gumondor, xodimlar tomonidan maxsus vosita yordamida hamda keskin jismoniy kuch ishlatilib zararsizlantirilgan.

Maʼlum boʻlishicha, gumondor shaxs 1963-yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan, Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi X.A. boʻlib, 2005-yildan beri ruhiy kasalliklar dispanserida roʻyxatda turadi.

“Hozirda holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 25-97 moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu shaxsning harakatlaridan jabrlangan fuqarolar boʻlsa, yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishlarini soʻraymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?