“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida yana bir korxona ish boshladi

11:16 17 Oktyabr 2025 Jamiyat
147 0

Keyingi yillarda Xorazm viloyatida bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlari hajmi bir necha barobar oshdi. Shu bois arzon va sifatli qurilish materiallariga boʻlgan talab ham ortib bormoqda.

Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yana bir zamonaviy korxona ishga tushirildi. “IMZO GLASS KHOREZM” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan ushbu loyiha toblangan oyna, deraza va eshik romlari ishlab chiqarishga moʻljallangan.

— Loyihaning umumiy qiymati 7 million dollar boʻlib, quvvati yiliga 300 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan, — dedi korxona rahbari Shixnazar Abdolniyozov. — Sexlarga xorijdan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi texnologik uskunalar oʻrnatilgan boʻlib, yiliga 116 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi. Loyiha ishga tushishi bilan 100 nafar yoshlar uchun yangi ish oʻrni ochildi. Yana bir muhim jihati korxonamiz “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi ishlab chiqaruvchilar uchun belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.

Yangi korxonaning ishga tushirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi Joʻrabek Raximov, mehnat faxriylari, qurilish sohasida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.

Odilbek ODAMBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер