Harbiylar oʻrtasida triatlon boʻyicha jahon chempionati boshlandi

10:49 19 Avgust 2025 Jamiyat
79 0

Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida sportning triatlon turi boʻyicha harbiylar oʻrtasida 25-jahon (25th CISM World Military Triathlon Championship) chempionati boʻlib oʻtmoqda.

Mazkur chempionat xalqaro harbiy sport Kengashi (CISM), Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan.

Ochilish marosimida dastlab ushbu nufuzli musobaqaning ahamiyati va yubiley chempionati aynan tarixiy shahar — Samarqandda oʻtkazilayotgani haqida soʻz yuritildi va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi, xalqaro harbiy sport Kengashi bayrogʻi tantanali koʻtarildi.

Shundan soʻng xalqaro harbiy sport Kengashi (CISM) Bosh kotibi Roberto Rechchiya hamda triatlon sport qoʻmitasi prezidenti Viktor Lopes Antolin “Jangovar hamdoʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedovga xalqaro harbiy sport Kengashining “faxriy ordeni” topshirildi.

Musobaqada dunyoning 13 davlatidan kelgan 100 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda. Bellashuvlar ikki toifada — yakkalik va jamoaviy guruhlar oʻrtasida oʻtkaziladi. Sportchilar 750 metrga ochiq suv havzasida suzish, 19 kilometr velopoyga hamda 5 kilometr yugurish bosqichlarida kuch sinashadi.

Musobaqada 8 nafar Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi (yakkalikda 4 nafar erkak va 4 nafar ayol hamda guruh bahslarida 2 nafar erkak va 2 nafar ayol sportchi) qatnashmoqda.

Aytish joizki, xalqaro harbiy sport Kengashi tomonidan sportning triatlon turi boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatlarida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi toʻrt marta ishtirok etib, sovrinli oʻrinlari qoʻlga kiritgan.

Mazkur chempionatning Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgani nafaqat sportchilar oʻrtasidagi hamkorlik, balki dunyo xalqlari bilan doʻstlik hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga imkon yaratadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер