«Hamon mulkimdagi siymu zarim — sheʼr»

Foto: Arxiv surat
1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun
Bahorning ilk kuni — xalqimizning sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavallud topgan kun mamlakatimizda keng nishonlanadi.
Zulfiya, bahor, yoshlik, goʻzallik, sevgi va sadoqat, ezgulik va nafosat... Bu tushunchalar oʻzaro chambarchas bogʻlanib ketgandek. Zero, ushbu motivlar shoira ijodining asosini tashkil etadi. Zulfiya sheʼrlari serqatlam maʼnolari, munis ohanglari bilan kishi qalbidan tezda joy oladi. Shu bois, uning sheʼru dostonlari xalqimiz koʻngliga jo boʻlib, tilidan tushmay kelmoqda.
Shoira bir sheʼrida taʼkidlaganidek, bogʻlar qiygʻos gullayveradi, qir-adirlar yashnayveradi, bahorlar kelaveradi, shu bilan birga, Zulfiya sheʼrlari ham dillarda qayta tugʻilaveradi.
BU OQSHOM...
Bu oqshom porillar dil nuringizda,
Diydor baxti nasib yana Siz bilan.
Turibman, azizlar, huzuringizda
Hamon oʻtligʻ koʻngil, yorugʻ yuz bilan.
Hamon mulkimdagi siymu zarim — sheʼr.
Sochimda, chehramda yillardan nishon,
Sajdagohim tanho Vatan, Ona Yer,
Orzularim karvon, sarbonim — ishonch.
Hamon ota-onam, ikki jahonim
Aziz yodi aro shikasta, butman
Ishqim — alangadir, qordir hijronim
Sakson yil lovullab soʻnmagan oʻtman.
Ikkita koʻzimga ikki qoragʻich —
Munisim Hulkarim, alpim Omonim
Shirin nabiralar hayotdan tortigʻ
Har biri joniga payvanddir jonim.
Nomlari, yodlari paygʻambar monand
Hazrat ustozlarim — teran ildizlar,
Men undan jon olib koʻkargan daraxt,
Mevasi — qalbimdan otilgan soʻzlar.
Hikmatlar bagʻrida dur, marvaridim
Ajdodlarim menga iftixor, gʻurur
Shu mavjlardan tomgan nuqra umidim
Shoira qizlarim baxsh etgan surur.
Bu nazm bogʻiga kirolmas xazon,
Bizni mahv etolmas zavol lashkari,
Men ketsam mungʻaymas umrim hech qachon,
Bu bogʻlar — bir bogʻlar boʻladi hali...
Hamon eʼtiqodim — haqiqat, hakdir,
Soʻzlayman, yuzimni tutib Kaʼbaga,
Yemira olmaydi oʻtkinchi taqdir,
Osuda oʻtadi ruhim abadga.
Eʼzozlar, ardogʻlar uchun tashakkur
Asli Siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin doriloman, hur,
Baxtim shul — oʻzbekning Zulfiyasiman.
BOGʻLAR QIYGʻOS GULDA
Bogʻlar qiygʻos gulda — yaxlit bir chaman,
Har daraxt anvoi bir tarovatda.
Bir kaft bogʻ mehnatu hosilga vatan,
Oʻzga koʻrk, oʻzga rang har bir daraxtda.
Har navda bir gulda, har gulda bir roʻy,
Har daraxt bargi bir dunyo hikoya,
Har birin hosili oʻzgasiga koʻrk,
Biri-biri uchun qudrat, himoya.
Vatanim koʻzimda: qay burchi aziz,
Bilmam, qayda tole serzavq, serjilo?
Yalpi toʻlishadi bedaxl yurtimiz,
Naq har qarichi dil, jon tomir goʻyo,
Bir qardosh tinchisiz — oʻzga beorom
Birining nonisiz — oʻzga emas toʻq...
Bu — qadim dunyoda yangi bir olam,
Bunda orqa togʻsiz bir tirik jon yoʻq.
Tayanch boʻlmasaydi odamzod albat,
Oʻzi kashf etardi, kashf etganday baxt!
SOGʻINIB
Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik oʻti tanda yoʻq.
Kuz singari zaʼfar ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.
Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?
Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar koʻngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
Soʻzlab turar bor dilimni ul.
Shu kunlarda bahorga zorman,
Oʻz bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo noʻnoq qoʻl butagan nihol.
Shu kunlarda bahorga zorman...
ZULFIYA,
Oʻzbekiston xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring