Halol kasb, hunaridan eʼzoz topgan muallim

14:00 14 Noyabr 2024 Jamiyat
319 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Dilshod Tojiqulov Shirin shahrining Nurobod mahallasidagi 4-maktabda fizika-matematika fanidan dars beradi. Maktab uyiga yaqin. Yosh boʻlishiga qaramay, koʻplab shogirdlari aniq fanlar boʻyicha yurtimizdagi eng nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda.

Internet kim uchundir shunchaki axborot almashinuvi, kimgadir ilhom manbai. Dilshod har bir daqiqa qadrini biladi. Pandemiya davrida barcha taʼlim muassasalaridagi oʻqish bir necha oy onlaynga oʻtkazildi. Yosh oʻqituvchi har kuni telefon orqali talabalarga saboq beradi. Boʻsh vaqtida asalarichilik bilan shugʻullanish istagi tugʻiladi. Ijtimoiy tarmoqlardan sohaga oid koʻplab qoʻllanmalarni oʻqib oʻrganadi. Dastlab tadbirkorlik faoliyatini 3 ta asalari oilasi bilan boshlaydi. Ish jarayonida qanday qiyinchilikka duch kelsa, darrov internetdan yechim axtaradi.

Nurobod bundan 25-yilcha ilgari Shirin shahrining maʼmuriy hududiga qoʻshilgan. Ungacha mazkur mahalla Xovos tumani tasarrufidagi qishloq edi. Atrofida fermer xoʻjaliklarining dalalari, bogʻlari koʻp. Shundan Dilshod oʻz uyida asalari boqish bilan shugʻullanadi.

Eʼtiborlisi, asalarichilikni boshlagach, koʻp fermerlar Dilshod Tojiqulovga asalari oilalarini dala-yu bogʻlariga joylashni taklif qiladi. Chunki asalari dehqonning yaqin yordamchisi. Bir necha yildirki, fermerlarning ekinlari, daraxtlari gullashga kirgan zahoti Dilshodning asalarilari ucha boshlaydi. Gullarni hosil tugunchalariga aylantirishda beminnat xizmat qiladi. Asalarilarning gullardan nektar olish barobarida ularni changlatishi natijasida hosildorlik 20-30 foiz oshishi isbotlangan. Asalarilar uyalaridan 3-5 kilometr radiusda nektar yigʻadi. Butun Nurobod mahallasidagi mevali daraxtlarning guli toʻliq mevaga aylanmoqda. Mahalla ahli ham asalarichi yigitdan minnatdor.

— Ayni paytda asalari uyasi 200 taga yetdi. Shundan 50 tasi asal beryapti. Qolgani yangi oilalar hisoblanadi, — deydi biz bilan suhbatda tadbirkor oʻqituvchi. — Har bir oila 40 kilogrammdan 50 kilogrammgacha asal yigʻadi. Asaldan tashqari gul changi, ona asalari suti kabi 10 yaqin mahsulotlarni turli idishlarga joylab, sotuvga chiqaryapmiz. Ularning barchasi shifobaxsh. Asalari oilalari va zotdor ona asalarini yetishtirib sotishni ham yoʻlga qoʻyganmiz. Daromad ham havas qilgulik.

Atigi 3 oila asalari uyasi olishdan boshlangan tadbirkorlik bugun Dilshod Tojiqulov xonadonini mehnatsevar oila sifatida elga tanitdi. Maktabdagi fidoyiligi tufayli mohir pedagog degan yuksak eʼtiroflarga ham sazovor boʻlmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?