Hakamlik sudlari faoliyati takomillashtiriladi
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyatining nufuzini oshirish va sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal etish mexanizmi sifatida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim oʻrin tutadi. Biroq tahlillar ushbu sudlar faoliyatida qator tizimli muammolar mavjudligini koʻrsatgan.
Xususan, 2021–2023-yillarda ayrim hududlarda hakamlik sudlari tomonidan davlat organlari ishtirok etgan ishlar boʻyicha qabul qilingan 47 ta qaror vakolatli sudning ijro varaqasi berilmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri ijro etilgan. 2019–2023-yillarda esa Davlat byudjetidan 222,2 mlrd soʻmni undirish haqida 870 ta noqonuniy qaror qabul qilingan.
Ayrim hakamlik sud sudyalarining malakasi yetarli emasligi, sudlar faoliyatini tashkil etishdagi talablarning qayta koʻrib chiqilmaganligi, nazorat mexanizmlarining yoʻqligi ushbu muammolarga olib kelayotganligi qayd etildi.
Hozirgi vaqtda 287 ta hakamlik sudi va 1,5 mingdan ortiq hakamlik sudyalari faoliyat yuritadi, ularning koʻpchiligi turli sohalarda asosiy ish joyiga ega boʻlib, professional tayyorgarlik darajasi yuqori emas.
Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Byudjet, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarga, shuningdek “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga muhim oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, hakamlik sudini tashkil etish hamda sudyalik vazifasini bajarish uchun qoʻshimcha talablar belgilanmoqda, hakamlik sudyalarining bilim va koʻnikmalarini oshirish tartibi kengaytirilmoqda, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan hakamlik bitimlarini tuzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik qoʻllash nazarda tutilmoqda.
Byudjet kodeksiga gʻaznachilikda roʻyxatdan oʻtkazilmagan shartnomalar asosida tovar, ish va xizmatlarni qabul qilib olganlik holati byudjet intizomini buzish sifatida belgilanmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi hakamlik sudlari faoliyati ochiqligi va samaradorligini oshiradi, Davlat byudjetidan noqonuniy chiqimlarning oldini oladi, adolatli qarorlarni qabul qilishga xizmat qiladi hamda davlat manfaatlarining ishonchli himoyasini taʼminlaydi.
Muhokamadan soʻng senatorlar Qonunni maʼqulladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Muhammad Saloh faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring