Gʻurur va ilhom manbai

16:57 21 Oktyabr 2025 Jamiyat
397 0

Dunyodagi koʻplab davlatlarda faoliyat yuritganman. Har bir mamlakatning taʼlim tizimi, madaniyati va tili oʻziga xos. Biroq shunday bir haqiqat borki, dunyodagi har bir millat ham oʻz ona tilida taʼlim olish imkoniga ega emas. Ayrim yurtlarda bolalar hatto oʻz ona tilida emas, balki boshqa tilda oʻqishga majbur boʻladi.

Oʻzbekistonga kelgach, men uchun eng taʼsirli jihat shunda boʻldiki — bu yerda bolalar bogʻchasidan to oliy taʼlimgacha oʻz ona tili — oʻzbek tilida taʼlim olish imkoniyatiga ega. Davlat tili sifatida ishxona va rasmiy muhitlarda ham aynan shu til qadrlanadi. Bu holatni koʻrib quvondim. Chunki dunyoda koʻplab insonlar oʻz ona tili boʻla turib, hatto oila muhitida ham boshqa tilda muloqot qilishga odatlangan. Oʻzbek yigit-qizlarining esa ona tilida faxr bilan soʻzlashlari, bu tilda erkin fikr bildirishlari menga juda yoqdi.

Oʻzbek tili nafaqat goʻzal, balki qalbdan chiqadigan, hissiyotni ifoda eta olishi bilan ham ahamiyatlidir. Bu tilda soʻzlaganda inson qalbida samimiyat, mehr va hurmat uygʻonadi. U orqali xalqning tarixi, madaniyati va ruhi seziladi. Toʻgʻri, har bir til insonni oʻz millati bilan bogʻlaydi, ammo oʻzbek tili bu bogʻlanishni mehr va iltifot bilan mustahkamlaydi.

Har bir til millatning yuragi, uning maʼnaviyati va tarixini ifoda etuvchi bebaho xazinadir. Shu maʼnoda, oʻzbek tili ham jahon tillari qatorida munosib oʻrin egallaydi. Uning boy lugʻati, soʻz boyligi va musiqiy tovushlari orqali xalqning madaniyati, maʼrifatga intilishi va mehr-oqibati namoyon boʻladi. Bugun oʻzbek tili nafaqat mamlakat ichida, balki dunyo miqyosida ham oʻz oʻrni va ahamiyatini tobora mustahkamlab bormoqda.

Oʻzbek tili — bu yurtning iftixori. Uni asrash va ulugʻlash esa har bir fuqaroning burchi, deb oʻylayman.

Abbey Marsden,

Andijon shahridagi Prezident maktabining kimyo fani oʻqituvchisi,

“Doʻstlik” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?