Gullar shahrida xonatlas festivali

16:51 29 Sentyabr 2022 Jamiyat
1443 0

Foto: Xalq so‘zi

Joriy yil bahorida oltmish birinchi gullar bayramini xalqaro miqyosda nishonlagan Namangan endi xonatlas festivaliga mezbonlik qilmoqda. Bu bilan qiz-juvonlarimiz egnida yal-yal yonib, ular husnu tarovatini oshiradigan ipak matolarimizning isteʼmol bozoridagi mavqeyini yanada mustahkamlash, yoshlar oʻrtasida atlas va adras targʻibotini kuchaytirish, ipakchi hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻzda tutilgan.

Bugun gullar shahrining gavjum maskani hisoblangan Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida boshlangan anjumanda hunarmandlar, milliy matolar savdosi va ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlar, ipak gazlamalaridan tikilgan milliy liboslar dizaynerlari ishtirok etmoqdalar. Festivalga tashrif buyurgan aholi vakillari erta tongdan koʻrgazmalarda tovlanib turgan matolar jilosidan bahramand boʻlishdi. Shaharning qoʻli gul atlaschilari tomonidan namoyish etilgan sehrli gazlamani toʻqish jarayonlari koʻpchilikni lol qoldirdi. Zero, har bir qatimiga koʻz nuri, yurak mehrini berib toʻqiladigan Namangan atlasining sir-sinoati ham ajdodlardan qolgan koʻhna kasbning qadrlanayotgani, avlodlar tomonidan ijodiy davom ettirilayotganida.

— Namanganda azaldan oʻzining serjilo atlas va adrasi bilan mashhur, —deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Dinora Yakubova. — Atlaschi sulolalar bugunga kelib oʻz mahsulotlarini eksportga ham chiqarishyapti. Birgina Namangan shahridagi Toshboyevlar oilasi yoki Uychi tumanida Risliqxon Joʻrayeva tomonidan ochilgan eksportchi korxonalar faoliyati bunga misol.

Kelgusida anʼanaga aylanadigan festivalda bugun toʻqilayotgan ipak matolar koʻrgazmasi qatorida yaqinda tashkil etilgan «Silk Granat» shou rum muzeyida bundan bir asr avvalgi qoʻlda toʻqilgan gazlamalar ham namoyish etilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?