Guliston shahrida yirik savdo-koʻngilochar majmua barpo etiladi

17:34 04 Dekabr 2025 Siyosat
143 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident ishtirokida oʻtayotgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatdagi tadbirkorlik va servis infratuzilmasini rivojlantirish muhokama qilindi.

2026-yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trillion soʻm, tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trillion soʻm resurs berish rejalashtirilgan. Shuning 753 milliard soʻmi mahallalar sharoitini yaxshilash uchun ilk bor Sirdaryo viloyati va tuman byudjetlariga ajratilmoqda.

Endilikda bu mablagʻni har bir tuman va mahallada tadbirkorlikning rivojlanishiga mustahkam zamin boʻladigan infratuzilma loyihalariga yoʻnaltirib, ish oʻrni va aholi daromadini koʻpaytirishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu ishlarning tashkil qilinishi Sirdaryo tumanidagi Tinchlik, Elobod, Doʻstlik, Ulugʻbek, Kamolot mahallalari misolida tushuntirildi.

Xalqaro ahamiyatdagi yoʻllarning 241 kilometri Sirdaryoning 7 ta tumanidan oʻtgani servis va logistikani rivojlantirish uchun katta imkoniyat.

Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston va Boyovutni Bekobod bilan bogʻlaydigan 74 kilometrni rekonstruksiya qilishni boshlash topshirildi. Bu yuzlab savdo-servis obyektlari, kafe-restoran, dam olish joylarini ishga tushirishga imkon beradi.

Guliston shahridan oʻtuvchi “Doʻstlik” kanali boʻyidagi 67 gektarda yirik savdo-koʻngilochar majmua barpo etilishi eʼlon qilindi.

Guliston tumanining Sohilobod va Ahillik, Sirdaryo tumanining Kamolot mahallalari hududida ham jami 360 gektarda yirik daryo boʻyi ekoturizm komplekslari tashkil qilinadi.

“Aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangicha yondashuvlar, samarali yechimlarni joriy qilish uchun doim izlanish, oʻrganish va tajriba orttirish juda muhim”, dedi Prezidentimiz.

Shu bois, 11 ta tuman hokimining birinchi oʻrinbosarlarini Pekindagi Kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha xalqaro markazda amaliyot oʻtashini tashkil qilish topshirildi.

Shuningdek, sirdaryolik 50 nafar yoshni Pekin shahriga joʻnatib, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha kurslarda oʻqitish zarurligi qayd etildi.

Guliston universiteti qoshida Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” dasturi doirasida kasb-hunarga oʻqitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yoʻnalishida oliygoh tashkil qilishga koʻrsatma berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?