Gul bir yon-u, pul bir yon

21:52 16 Mart 2026 Jamiyat
355 0

Har kim ham shirin soʻzning gadosi. Ayniqsa, ayollar. Bu soʻzim kamsitish maʼnosida qabul qilinmasin-u, azbaroyi, men bilan bir necha marta sodir boʻlgan voqealardan olingan hayotiy xulosaga tayangan holda bularni bayon qilmoqdaman.

Kuzakning ajoyib kunlaridan birida hamkasb opamiz bir dona atirgul tutib ishga keldi. Kayfiyati chogʻ, baxtdan juda masrur edi. Shu kuni rahbarimizning oʻtkazgan yigʻilishi va unda malomat eshitganimiz ham esimizdan chiqib ketdi. Chunki opa butun jamoamizni baxt quyoshining iliqligi bilan eritgandek edi, goʻyo. Beixtiyor shoirning satrlari dildan tilga koʻchdi: uyida baxti borlar har joyda baxtiyordir. Yana bir satr keladi: siz men uchun gul uzmagansiz...

Yoʻq, deyman ikkinchi satrga – ikkinchi fikrga oʻzim eʼtiroz bildirib. Yurtimiz ayollari hamisha gul tutib, gulday ochilib yuribdi-ku, axir. Ayniqsa, yaqinda nishonlangan Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida. Tan olaylik, bayram bahonasida gulchilarning “kuni tugʻdi”. Nimasini aytasiz, ayollarimizga gul, gulchilarimizga pul tutaveraylik. Shunda oilada baxt, pirovardida, ishda unum boʻladi.

2023-yil 23-oktyabrdagi “Gulchilik va koʻchatchilik sohalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining eʼlon qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu boʻlsa, ajab emas. Qaror ijrosi doirasida Toshkent viloyatida gulchilik va koʻchatchilik sohalarini rivojlantirish, shu jumladan, gul yetishtirishda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Qarorga muvofiq, tumanlarda gulchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport salohiyatini yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qibray tumani misolida jarayon tahlil qilinsa, bugungi kunda tumanda 14 ming gektardan ziyod qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan yer maydoni mavjud boʻlsa, bu maydonning qariyb 140 gektarida issiqxonalar barpo etilgan. Aynan issiqxonalarda sabzavot va koʻkatlardan tashqari gul parvarishi ham rivojlangan.

— Issiqxonalarimiz zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan boʻlib, Niderlandiya va Italiya tajribasi asosida gul koʻchatlari parvarishlanadi, — deydi “Bahor gullari” korxonasining ishlab chiqarish boʻyicha direktori Rudolf Miller. — Bu yerda yetishtirilgan va parvarishlangan gullar nafaqat ichki bozorni taʼminlaydi, balki Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham eksport qilinadi. Yaqin kelajakda mahsulotlarimizni Arab koʻrfazi va Yevropa davlatlariga yetkazishni tashkil qilish istiqboli ishlab chiqilmoqda.

“Bahor gullari” korxonasida manzarali koʻchatlar ham parvarishlanadi. 100 gektardan ziyod ochiq yer maydoni va 5 gektar hududda issiqxonasi mavjud bu yirik korxonada 600 turdan ziyod manzarali koʻchatlar parvarishlanayotgan boʻlsa, endilikda ular safi 25 turdagi xonaki gullar bilan kengaymoqda.

Salkam yetti yuz kishi doimiy va daromadli ish bilan taʼminlangan mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishgan kishi yana bir sheʼriy satrni tilga olishi tabiiy: gul bir yon, chaman bir yon. Bozor iqtisodiyoti sharoitidan kelib chiqqan holda ishbilarmonlar bu satrga juzʼiy oʻzgartish kiritadilar: gul bir yon-u, pul bir yon.

Darhaqiqat, amalga oshirilayotgan har bir islohot, eʼlon qilinayotgan har bir qaror va ishlab chiqilayotgan har bir dasturning tub zamirida inson qadri va uning manfaati hamda doimiy daromadi mujassam. Shu maʼnoda qibrayliklarning gulchilikda toʻplagan tajribasi xorijiy sarmoyasi asosida ularning roʻzgʻoriga daromad kirityapti, deyish mumkin.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер