“Green University”ga ham yangi rektor tayinlandi

17:14 16 Dekabr 2025 Jamiyat
344 0

Foto: Ekologiya qoʻmitasi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Baxtiyor Alimovich Poʻlatov Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) rektori etib tayinlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlumot uchun, ushbu tayinlovga qadar Baxtiyor Poʻlatov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

U 2006-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini, 2008-yilda Niderlandiyadagi “Vaginingen” universitetini, 2015-yilda esa Shvetsiyadagi “Lund” universitetini tamomlagan. Texnika fanlari doktori, professor.

Poʻlatov “Lund” universitetining fizikaviy geografiya va ekotizim fanlari kafedrasida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. Shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Ekologik geoaxborot tizimlari markazida faoliyat yuritgan.

Turli yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi Oʻzbekiston Respublikasi filiali rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimida investitsiyalar va grantlarni jalb etish masalalari boʻyicha maslahatchi, shuningdek, Atrof-muhitni va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimlarida ishlagan.

Bundan tashqari, 2024-yil avgust oyida Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) iqlim inqirozi boʻyicha komissiyasi aʼzosi etib saylangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?