Goʻsht importini kamaytirish imkoni bormi?

10:45 12 Mart 2026 Jamiyat
261 0

Rasmiy statistikaga koʻra, Oʻzbekistonga joriy yilning dastlabki ikki oyida 156,9 million dollarlik goʻsht import qilingan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki karra koʻp demakdir. Import salmogʻida mol goʻshti 25 ming 870 tonnani, qoʻy goʻshti 330 tonnani, tovuq goʻshti 11 ming 230 tonnani tashkil etmoqda. Demak ichki bozorning bu mahsulotga boʻlgan talabi yuqori, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ehtiyojni toʻliq qondira olmayapti. Sabab?.. Bu haqda chorvachilik masalalari boʻyicha xalqaro ekspert Dilshod Yuldashev shunday dedi:

-Sir emas, bugun chorvaning asosiy qismi aholining qoʻlida. Shu bois yetishtirayotgan mahsulotning asosiy qismi ham tomorqachilar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bozorda yem qimmat, ozuqa yetishtirish uchun ajratilgan yerlar ham asosan fermerlar ixtiyorida. Odamlar oʻz ixtiyoridagi jonivorlarni qayerda boqadi, qanday oziqlantiradi, ana shu masala qishloqdagi eng katta masalasiga aylangan. Shu bois koʻpchilik qishloqlarda chorva bosh soni oʻtgan yillarga nisbatan kamayib ketgan. Bundan 15-yilcha avval joylarda tashkil etilgan omuxta yem shoxobchalari aholiga arzon narxda kuchli ozuqalarni yetkazib berardi. Bu tizim yoʻqolgach, chorvadorlar mol bosh sonini keskin kamaytirishga majbur boʻlishdi. Koʻpchilik tumanlarda fermerlarning ajratilgan yerga nisbatan chorvasi yoʻq yo kam. Aksincha baʼzi kishilarda chorva bosh soni koʻpu ozuqa ekinlari yetishtirish uchun uchun yeri yoʻq. Bu adolatsizlik ham chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Keyingi yillarda davlatning koʻmagi bilan chetdan naslli qoʻylar, qoramollar olib kelinyapti. Zotdor qoramolchilikni rivojlantirishga harakat qilinmoqda, ammo bu bozorni toʻkin boʻlishiga sharoit yaratadigan, goʻsht taʼminoti boʻyicha importni kamaytiradigan darajadagi chora emas. Menimcha, eng avvalo ozuqa yetishtirish tizimini takomillashtirish, aholi ixtiyoridagi chorvani kuchli ozuqalar bilan imtiyozli tarzda taʼminlashni yoʻlga qoʻyish kerak. Aks holda achchiq boʻlsa-da aytay, dunyoda turli mojarolar avj olayotgan bir paytda shundogʻam qimmatlashib borayotgan chet el oziq -ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj, toʻgʻrirogʻi qaramlik yanada kuchayadi.

Sotuvchi va isteʼmolchilarning fikriga ham quloq tuting:

-Keyingi bir yil ichida goʻsht narxi bir yarim baravarga oshdi, ammo poytaxtning markaziy bozori hisoblangan Chorsuda savdo hajmi kamaygani yoʻq. Aksincha ortayapti. Bu yerda bir kilo mol goʻshtini 70 ming soʻmga ham ikki karra qimmatiga ham topsa boʻladi. Lekin mahalliy goʻshtga talab kuchli, — deydi Chorsu dehqon bozoridagi VSEL mudiri Jahongir Yalgʻashev.

- Katta bozorlarga qayerdan goʻsht keladi, albatta qishloqdan. Shunday ekan butun eʼtiborni qishloqda chorvani koʻpaytirishni qaratish lozim. Bizga oʻxshab shahar ichidagi kichik hovlisida uch-toʻrtta qoʻyni boqib ahyon-ahyonda bozorga goʻsht chiqaradigan odamlarning kuchi bilan toʻkinlikka erishib boʻlmaydi-da, — deydi Qumariq mahallasida yashovchi tomorqachi Bahodir Usmonov.

- Arzonning oshi tatimas, degan gap bor. Bozorda chet elniki, deb sotilayotgan goʻshtlarni ham olib koʻrdim. Taʼmi unchalik yaxshimas, qozonga tashlagach, poxolga oʻxshab qolyapti. Shu bois biroz qimmat boʻlsa-da, oʻzimiznikidan qoʻymasin. Menimcha import uchun sarflanayotgan valyutani toʻgʻridan toʻgʻri mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab quvvatlashga yoʻnaltirilsa, juda koʻp muammolar barham topadi. Avvalo bu isteʼmolchi uchun foydali, — deydi Chilonzor tumanida yashovchi oshpaz ayol Gulnora Ortiqova.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, konservalangan goʻsht mahsulotlari importi ham oʻtgan yilning yanvar -fevraliga nisbatan joriy yil ikki oyida sezilarli darajada, yaʼni 1,72 million dollardan 4,57 million dollargacha oshgan. Dudlangan va tuzlangan goʻsht, shuningdek, gʻoz goʻshti importi birinchi marta qayd etildi. Shu ikki oy ichida chetdan Oʻzbekiston bozoriga 68 tonnadan ortiq ot goʻshti olib kelingan. Bularning barchasi respublikamiz agrar tarmogʻida, xususan chorvachilikni tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirish zarurligini yaqqol koʻrsatmoqda.

Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?