Gidroenergetika: Axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yaratildi

Bugungi kunda gidroelektrostansiyalar (GES) hamda suv omborlari va ulardagi gidrotexnika inshootlarining xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlashda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, nazorat-o‘lchov qurilmalaridan olinayotgan ma’lumotlarni inson omilisiz avtomatik diagnostika va onlayn monitoring qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois yurtimizda birinchi marta gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan axborot tizimlarining yagona majmuasi — Vaziyatlar markazi ishga tushirildi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan hayotga tatbiq etilgan ushbu markaz faoliyatini tashkil etish, gidrotexnika inshootlarini raqamlashtirish jarayonlarida sohadagi ilg‘or AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Italiya, Slovakiya, Xitoy kabi davlatlarning nufuzli kompaniyalari ijobiy tajribasi o‘rganildi.
E’tiborlisi, markaz joylardagi tizimlarning uzluksiz ishlashini ta’minlab, AJ tasarrufidagi jami 6 ta suv ombori hamda 80 tadan ziyod katta va kichik GESlarni real vaqt rejimida mukammal kuzatish hamda tahlil qilish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek, suv omborlarining faoliyatini xavfsiz yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha turdagi nazorat-o‘lchov qurilmalariga zamonaviy datchiklar o‘rnatilib, ma’lumotlarni onlayn tarzda yuqori aniqlikda uzatish, suv omborlari holatini doimiy monitoring qilish hamda hodisalarni avtomatik qayd etishga erishildi. Bunda Italiyaning nufuzli “SISGEO” kompaniyasining jami 1,5 mingga yaqin ilg‘or qurilma va jihozlar (datchiklar) obyektlarga o‘rnatildi.
— Yana bir muhim jihat, amalga oshirilgan barcha raqamlashtirish va avtomatlashtirish chora-tadbirlari asnosida yurtimizda birinchi marotaba mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda, suv omborlari uchun “Xavfsizlik mezonlari” ishlab chiqildi, — deydi “Gidrotexnika inshootlari xavfsizligini baholash va monitoringini yuritish” MCHJ direktori Shuhrat Tolipov. — Bunda suv omborini xavfsiz ishlatish bo‘yicha ko‘rsatkichlar belgilandi. Ayni paytda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvidagi suv omborlarida to‘liq avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.
Bu hali hammasi emas. Germaniya Yer tadqiqotlari markazining “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi tomonidan hududda suv zaxiralarini aniqlash, uzluksiz kosmik kuzatuvlarga asoslangan suv zaxirasini monitoring qilish — “MODSNOW” dasturi joriy etildi. Bu bilan dasturiy ta’minotda sun’iy yo‘ldoshdan olingan foto hamda videosuratlar yordamida matematik hisoblarni amalga oshirish orqali qor zaxirasini katta aniqlik bilan hisoblash imkoni yaratildi.
Tizimdagi barcha GES va suv omborlarida markazlashgan IP-telefoniya tizimi foydalanishga topshirildi. Zamon talabidan kelib chiqib, korxonalarda intellektual videokuzatuv tizimlari barpo etildi. Barcha tizim korxonalari mingdan ortiq yangi avlod kameralari bilan jihozlanib, Vaziyatlar markaziga ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn uzatib borilishi ta’minlandi. Qolaversa, biron-bir axborot tizimida nosozlik, texnik uzilish yuzaga kelsa, uni Vaziyatlar markazi orqali tezkorlik bilan aniqlab, bartaraf etish mumkin.
Rahim SHERQULOV
(«Xalq so‘zi»).
Davronbek ERNAZAROV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring