“Galatasaroy”dan sensatsion gʻalaba, “Bavariya” raqibini ayab oʻtirmadi

10:46 11 Mart 2026 Sport
337 0

Kecha, 10-mart kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining nim chorak final bosqichi oʻyinlari start oldi. Kun doirasidan oʻrin olgan dastlabki bahsda Turkiya chempioni “Galatasaroy” jamoasi oʻz maydonida “Liverpul”ni qabul qildi.

Qizigʻi, ushbu jamoalar 2025-yilning 1-oktyabr sanasida musobaqaning guruh bosqichida ham toʻqnash kelishgan va ushbu oʻyinda “turklar” Viktor Osimxen tomonidan kiritilgan gol evaziga gʻalaba qozonishgan edi. Bu safar ham shunday boʻldi.

Yaʼni bahs “Galatasaroy”ning 1:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan yagona golga Mario Lemina mualliflik qildi. Qoʻshimcha maʼlumot oʻrnida ushbu futbolchi 27–30-mart kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan “FIFA Series” turnirida ishtirok etishi kutilmoqda.

Ushbu bosqich doirasida “Bavariya” jamoasi “Atalanta” bilan birga tushganida koʻpchilik bu juftlikda favorit aniq ekani haqida yozgandi. “Bavariya“ mehmondagi oʻyinning oʻzidayoq bu gaplar 100 foizga toʻgʻri ekanini isbotladi.

Oʻyinda hisob 12-daqiqada Yosip Stanishich tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim yakuniga qadar Maykl Olise va Serj Gnabri ham oʻz hisobiga bittadan gol yozdirib qoʻydi.

Ikkinchi boʻlimning 52-daqiqasida Nikolas Jekson jamoasining toʻrtinchi golini kiritdi. 64-daqiqada Maykl Olise dublga erishdi. Oradan 4 daqiqa oʻtib Jamal Musiala jamoasining oʻyindagi soʻnggi golini kiritdi.

Ikkinchi boʻlimga hakam tomonidan qoʻshib berilgan uchinchi daqiqada Mario Pashalich “Atalanta”ning yagona javob golini kiritdi. Shu tariqa oʻyin “myunxenliklar“ning 1:6 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Madridning “Atletiko“ klubi ushbu bosqichda “Tottenhem” bilan juftlik hosil qildi. Koʻpchilik tomonidan ushbu jamoalar duelida “matraschilar“ kichik ustunlikka ega boʻlishi aytilgandi. Ammo “Atletiko“ bir yoʻla 3 ta toʻp farqi bilan gʻalaba qozondi.

Uchrashuvda hisob oltinchi daqiqada Markos Lyorente tomonidan ochildi. 14-daqiqada Antuan Grizman jamoasining ikkinchi golini kiritdi. 15-daqiqada Xulian Alvares hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. 22-daqiqada esa Robin Le Normand “Tottenhem” darvozasini toʻrtinchi bor ishgʻol etdi.

Oradan 4 daqiqa oʻtib “Tottenhem” futbolchisi Pedro Porro jamoasining birinchi javob golini kiritdi. Birinchi boʻlim 4:1 hisobida yakunlandi.

55-daqiqada Xulian Alvares dublga erishdi. 76-daqiqada Dominik Solanke oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Shu tariqa oʻyin 5:2 hisobida mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi.

“Barselona” jamoasi ushbu bosqichda “Nyukasl” bilan juftlik hosil qildi. Taʼkidlash joizki, ushbu jamoalar musobaqaning guruh bosqichida ham oʻzaro toʻqnash kelishgan va Markus Reshfordning fenomenal oʻyini evaziga “kataloniyaliklar” ushbu bahsda gʻalaba qozonishgan edi. Bu gal esa Xans Flik shogirdlari soʻnggi daqiqada magʻlubiyatdan qutulib qolishdi.

Oʻyinda hisob 86-daqiqada Xarvi Barns tomonidan ochildi. 90+6 daqiqada bosh hakam “qargʻalar” darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik jarima toʻpidan Lamin Yamal unumli foydalandi va jamoasini magʻlubiyatdan qutqarib qoldi.

Maʼlumot uchun, Yevropa chempionlar ligasi nim chorak final bosqichi oʻyinlari bugun ham davom ettiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?