“Galatasaroy” “keksa senyora”ni ayab oʻtmadi, “Real Madrid” “Benfika”dan alamini oldi
Kecha, 18-fevral kuni UEFA Chempionlar ligasi musobaqasining pley-off oʻyinlari start oldi. Kun doirasidagi dastlabki bahsda Turkiyaning “Galatasaroy” jamoasi oʻz maydonida Italiyaning “Yuventus” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv turklarning 5:2 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Oʻyinda kiritilgan gollarga gʻoliblardan Nao Lang (2 ta), Davinson Sanches, Gabriel Sara va Sasha Boe mualliflik qildi. “Yuventus”ning javob gollari esa Teun Kopmeyners hisobidan yozildi.
UEFA Chempionlar ligasida 15-marta gʻolib boʻlgan “Real Madrid” klubi aynan “Benfika”ga uchragan magʻlubiyat sabab musobaqaning nimchorak final bosqichiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma ololmagan edi. Qurʼa ushbu jamoalarni turnirning pley-off bosqichida yana roʻbaroʻ qildi.
Bu gal omad “qirollik klubi”ga kulib boqdi. Oʻyin 0:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvdagi yagona golni 50-daqiqada Vinisius Junior kiritdi.
“Real Madrid”dan tashqari musobaqaning amaldagi chempioni PSJ jamoasi ham turnirning nimchorak finaliga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma ololmagan edi. Jamoa pley-offning birinchi oʻyinida Fransiyaning boshqa bir jamoasi — “Monako” bilan kuch sinashdi.
Uchrashuv 2:3 hisobida Luis Enrike jamoasining gʻalabasi bilan tugadi. Gollarga gʻoliblardan Dezire Due (2 ta) va Ashraf Hakimi mualliflik qildi. “Monako”ning javob gollari esa Folarin Balogun hisobidan yozildi.
Kunning soʻnggi oʻyinida Germaniyaning “Borussiya Dortmund” jamoasi oʻz maydonida Italiyaning “Atalanta” jamoasi bilan kuch sinashdi. Bahs mezbonlarning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Gollarga Seru Girassi va Maksimilian Bayer mualliflik qildi.
Maʼlumot uchun, bugun musobaqaning pley-off oʻyinlari davom ettiriladi. Kun doirasida quyidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtadi:
“Qorabogʻ” — “Nyukasl”;
“Bryugge” — “Atletiko Madrid”;
“Bodo-Glimt” — “Inter”;
“Olimpiyakos” — “Bayer Leverkuzen”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring