Fuqarolik jamiyatining yangi bosqichi: 2030-yilgacha moʻljallangan Konsepsiya jamoatchilik muhokamasida
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar yangi bosqichga koʻtarilmoqda. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi” loyihasi boʻyicha jamoatchilik muhokamasi oʻtkazildi.
Tadbirda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etdi. Onlayn formatida ham ishtirok taʼminlanib, mamlakatning turli hududlaridan 180 nafarga yaqin NNT vakillari muloqotga qoʻshildi. Muhokamani markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov ochib berdi va olib bordi.
Muhokama davomida Konsepsiya loyihasi keng jamoatchilik fikrini oʻrgangan holda takomillashtirilishi taʼkidlandi.
Tadbir spikeri soʻzlariga koʻra, ushbu hujjat mamlakatda davlat va jamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qiladi.
“Konsepsiya “Ochiq davlat – faol fuqaro” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonda NNTlar jamiyat manfaatlarini ifoda etish, ijtimoiy tashabbuslarni ilgari surish va aholi fikrining davlat qarorlarida aks etishini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi”, — deydi Eldor Tulyakov.
Tadbirda jamoatchilik kengashlari faoliyatini rivojlantirish, NNTlarning davlat boshqaruvida faol ishtirokini taʼminlash, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, davlat grantlari tizimini takomillashtirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining roli kuchayib borayotgan ayni paytda, muhokama jarayoni NNTlar faoliyatidagi muammo va ehtiyojlarni aniqlashga ham xizmat qildi.
Amaliy taklif va mexanizmlar ishlab chiqish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, davlat va jamiyat muloqotini kuchaytirish – muhokamaning asosiy yoʻnalishlaridan boʻldi.
“Vatandoshlar” jamoat fondi boʻlim boshligʻi Akmal Shofayziyev oʻz taklifida xorijdagi vatandosh olimlar va sohaviy mutaxassislarni, ekspertlarni jarayonga keng jalb etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.
“Muhim islohotlarni amalga oshirishda xorijdagi vatandoshlarimiz, ayniqsa, malakali ekspertlarni jalb etish katta natija beradi. Ular sohalar boʻyicha xalqaro tajribani olib kirishda muhim kuchga ega,” – deydi Akmal Shofayziyev.
Tadbirda “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi raisi Saodat Tursunbayeva tomonidan 12 yoʻnalishdan iborat takliflar taqdim etildi. U ayniqsa olis hududlarda faoliyat yuritayotgan ayollar NNTlarini qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.
“Ayollar faoliyatini kuchaytirish uchun grant va subsidiya dasturlarini joriy etish, xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, avlodlar muloqotini mustahkamlash muhim. Shu bilan birga, loyihalarni boshqarishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish dolzarb masala”, – deydi Saodat Tursunbayeva.
Uning fikrlari muhokamaga innovatsion yondashuv kiritib, NNTlar faoliyatini zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻun rivojlantirish imkonini ochib berdi.
Yigʻilish davomida NNTlar bildirgan takliflar tizimli tarzda oʻrganilib, Konsepsiya loyihasini yanada takomillashtirish uchun asos sifatida xizmat qiladi. Shuningdek, muhokama davlat organlari va fuqarolik institutlari oʻrtasida samarali muloqot platformasini yaratish, NNTlarning roli, vazifalari va masʼuliyatini aniq belgilash, amalga oshirish jarayonida shaffoflik va hisobdorlik taomillarini joriy etish, Konsepsiyaning ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirini baholashga qaratilgan amaliy mexanizmlar ishlab chiqish kabi muhim vazifalarni qamrab oldi.
Oʻtkazilgan jamoatchilik muhokamasi nafaqat Konsepsiya loyihasining mazmun-mohiyatini boyitdi, balki fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha keng jamoatchilikning faol ishtirokini taʼminladi.
Shubhasiz, mazkur tadbir mamlakatimizda demokratiya, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish va davlat-jamiyat hamkorligini mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.
Ulugʻbek Roʻzimatov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring