Fraksiya aholi murojaatlariga qanday eʼtibor qaratmoqda?

09:06 23 Oktyabr 2018 Siyosat
1967 0

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati va fuqarolar bilan yangicha ishlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Xususan, parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan 19 ta qonun loyihasi qonun tashabbuskorligi huquqi asosida kiritilgan boʻlib, ularning 15 tasida fraksiya aʼzolari faol ishtirok etdi. Qonunchilik tashabbuskorlarining quyi palataga kiritgan 118 ta qonun loyihasining 73 tasi boʻyicha fraksiya aʼzolari masʼul boʻlib, ularni maromiga yetkazishda jonbozlik koʻrsatdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, ayni paytda fraksiya tomonidan yana 3 ta — “Madaniyat toʻgʻrisida”gi, “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalari tayyorlanmoqda.

Yurtimizda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ammo, uning samarasi qanday?

Bu borada, avvalo, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash, mavjud boʻshliqlarni toʻldirish kerak. Afsuski, arxivlarda saqlanayotgan minglab madaniy meros xususiyatiga ega arxiv hujjatlarining alohida roʻyxati ishlab chiqilmagan, ularni hisobga olish, saqlash va foydalanish tartibini belgilovchi maxsus qonunosti hujjati qabul qilinmagan. Shu bois fraksiya aʼzolari bu kabi qonunosti hujjatlarini qabul qilish boʻyicha choralar koʻrish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga taklif kiritdi.

Shuningdek, joriy yilda xalq bilan muloqot qilish, odamlarning dardu tashvishlarini oʻrganish, muammolarini hal etishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillardan iborat ishchi guruh 64 ta tuman va shaharda boʻlib, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, sport, uy-joy va kommunal soha kabi qator tarmoqlardagi mavjud holatni yaqindan oʻrgandi. Aniqlangan masalalar boʻyicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga 33 ta deputatlik soʻrovi yuborilib, 29 ta masala ijobiy hal etildi. Qolganlari joylardagi 2019 yilga moʻljallangan davlat dasturiga kiritilishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, parlament va partiya saytiga, Qonunchilik palatasiga fuqarolardan fraksiya aʼzolari nomiga kelib tushgan 1602 ta murojaat yuzasidan ishlar olib borilmoqda, xususan, 1372 tasi ijobiy hal etilgan, qolganlari tegishliligi boʻyicha vazirlik va idoralarga yuborilib, ijrosi nazoratga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?