Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

20:29 30 Oktyabr 2025 Siyosat
1202 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb 30-oktyabr kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldi.

Ushbu markaz davlatimiz rahbari tashabbusi asosida bunyod etilgan boʻlib, oʻz maqsadi va yoʻnalishiga koʻra, jahonda oʻxshashi boʻlmagan yirik majmua sanaladi. Ayni paytga qadar markazga turli davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar rahbarlari, taniqli olimlar va mutaxassislar tashrif buyurib, uning oʻziga xos meʼmoriy yechimi va maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatini eʼtirof etishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev hamrohligida oʻtgan tashrif chogʻida Finlyandiya Prezidentiga Islom sivilizatsiyasi markazi mutasaddilari tomonidan ushbu ulkan meʼmoriy majmua hamda uning jahon ilm-fani va islom olamidagi oʻrni haqida batafsil maʼlumot berildi.

Prezident Aleksandr Stubb “Buyuk ajdodlar galereyasi”, “Islomdan oldingi davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi Oʻzbekiston” ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Bu zallarda jahon ilm-faniga munosib hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosini aks ettiruvchi eksponatlarni koʻzdan kechirdi.

“Rostini aytsam, bu yerda men beqiyos taassurotlar girdobiga tushib qoldim. Har bir ekspozitsiya, har bir zal, har bir detal chuqur oʻylangan. Uch ming yillik tarixni bugungi avlodga shu darajada zamonaviy shaklda yetkazib berish — bu yuksak sanʼat va buyuk mahorat talab etadi.

Bu markaz nafaqat oʻtgan asrlar merosini qayta jonlantirgan, balki kelajak avlod uchun ham ilhom manbaiga aylangan. Ayniqsa, interaktiv namoyishlar va innovatsion texnologiyalar yoshlarni oʻziga jalb etadi. Ular bu yerda tarixni oʻqimaydi — uni his qiladi. Markazda yaratilgan muhitda zerikish mumkin emas. Har bir sahna, har bir yoritilgan tafsilot oʻziga xos. Men bu yerdan ulkan minnatdorlik va hayrat bilan chiqyapman.” — dedi Finlyandiya yetakchisi.

Shuningdek, oliy martabali mehmonga markazning xalqaro hamkorlikdagi ilmiy dasturlari, yosh olimlar uchun yaratilgan sharoitlar, turli mamlakatlar bilan qoʻshma tadqiqot loyihalari haqida ham maʼlumot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?