“Fillar” Donald Trampni rasman prezidentlikka nomzod sifatida koʻrsatdi

11:15 16 Iyul 2024 Dunyo
450 0

Foto: Illustrativ

Respublikachilar partiyasi rasman Donald Trampni uchinchi marta prezidentlikka nomzod sifatida koʻrsatdi. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.

Donald Trampning 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasining nomzodi sifatida koʻrsatilishi koʻpchilik tomonidan kutilgan voqea hisoblanadi. Hattoki, sobiq raqib Nikki Xeyli Trampni qoʻllab, oʻz delegatlarini ham uni quvvatlashga chaqirdi.

Respublikachilar koʻrsatayotgan nomzod 6-yanvardagi Kapitoliydagi qoʻzgʻolonni tashkil etish va 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga harakat kabi ayblovlar bilan ayblanayotgan paytida ham “fillar” oʻz nomzodlaridan voz kechmadi.

Tramp oʻz nomzodini tasdiqlatgunga qadar bir qator qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazdi. Shunga qaramasdan, uning advokatlar jamoasi Oliy sudning prezident sifatida jinoiy taʼqib qilish harakatlaridan daxlsizligi haqidagi qarorini chiqartirishga erisha oldi.

Pensilvaniya shtatining Batler shahridagi mitingda sodir etilgan suiqasd esa Trampning imkoniyatlarini yanada oshirib yubordi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, Respublikachilar partiyasi koʻpincha “fil” bilan, Demokratik partiya esa “eshak” bilan ifodalanadi. Ushbu hayvonlar ramzlari XIX asrdagi siyosiy komikslardan kelib chiqqan boʻlib, “fil” birinchi marta 1874-yilda Tomas Nast tomonidan “Harperʻs Weekly” komiksida paydo boʻlgan.

Demokratlar uchun “eshak” timsoli bundan ham avvalroq, Endryu Jeksonning 1828-yilgi prezidentlik kampaniyasiga borib taqaladi. Endryuning raqiblari uni populistik qarashlari uchun “Jackass” deb atashgan. Keyinchalik esa bu ramzga aylanib ketdi.

Avvalroq, Rossiya Trampga uyushtirilgan suiqasd boʻyicha bildirgan fikrida Kiyevga yuborilgan mablagʻlar AQSH huquq-tartibot tizimini yaxshilashga sarflanishi kerakligini qayd etgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?