Favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlar boʻyicha talabalar bilan muloqot

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Chilonzor tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida favqulodda vaziyatlarda, xususan, zilzila sodir boʻlgan paytda toʻgʻri hamda tezkor harakat qilish koʻnikmalarini shakllantirishga bagʻishlangan amaliy tadbir boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — talaba-yoshlar, professor-oʻqituvchilar va xodimlarda tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda xavfsiz hamda muvofiqlashtirilgan harakat qilish madaniyatini mustahkamlash, aholining oʻzini himoya qilish boʻyicha bilimlarini oshirishdan iborat boʻldi.
Tadbirda universitet rektori Toʻlqin Teshaboyev, Chilonzor tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi, polkovnik Gʻayrat Eshonov, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahar boshqarmasining 81140-sonli harbiy qismi komandiri oʻrinbosari, podpolkovnik Xurshid Hamidov va soha xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir mazmuni hamda amaliy jihatlari haqida mutaxassislar ishtirokchilarga zilzila, yongʻin yoki boshqa favqulodda vaziyatlar yuz berganda amalga oshiriladigan tezkor harakatlar, xavfsiz evakuatsiya qoidalari, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish tartibi va axborot almashishning muhim bosqichlari haqida batafsil maʼlumot berdilar.
— Favqulodda vaziyatda har bir insonning xotirjamligi, bilim hamda tayyorgarligi yuzlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Bunday mashgʻulotlar yoshlarning ongida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega, — deydi polkovnik Gʻayrat Eshonov.
Tadbir davomida, shuningdek, amaliy koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazilib, talabalarga binodan toʻgʻri chiqish, yordamga muhtojlarga koʻmaklashish, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish hamda tinchlik oʻrnatilgunga qadar xavfsiz hududda toʻplanish qoidalari amaliy tarzda namoyish etildi.
Yakunda talabalar va professor-oʻqituvchilar mutaxassislar bilan savol-javob shaklida ochiq muloqot olib borishdi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring