Fargʻonalik mutaxassislar Ulsan shahrida ish boshlaydi
Fargʻona shahrida Koreya Respublikasining Ulsan shahri maʼmuriyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan malakali mutaxassislar tayyorlash markazining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.

Loyiha doirasidagi birinchi bosqichda 104 nafar navqiron avlod vakillari ikki oylik nazariy hamda bir oylik amaliy oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi. Ular endilikda Koreya Respublikasining “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasida kemasozlik sohasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishchi viza orqali mehnat faoliyatini olib boradi.

— Oʻtgan yili xorijda ishlash istagida murojaat qilganlarning 15,5 ming nafardan ziyodi tegishli tartibda Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiyaga ishga yuborildi, — deydi Migratsiya agentligi Fargʻona filiali boshligʻi Bahromjon Haydarov. — Shuningdek, oʻtgan yil davomida viloyatdagi monomarkazlar hamda nodavlat taʼlim muassasalarida 7 ming nafardan koʻproq yoshlar zamonaviy kasb hamda xorijiy tillarga oʻqitildi. Bu yil viloyatda 21 ming nafardan ortiq hamyurtlarni dunyoning rivojlangan davlatlariga ishga yuborish maqsad qilingan.

Taʼkidlash joizki, Ulsan shahriga malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida koreys tili, kemasozlik va ishlab chiqarish sohalarida amaliy-nazariy bilimlar puxta oʻrgatiladi. Ayni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida 96 nafar, navbatdagi bosqichda esa 107 nafar yoshlar tahsil olmoqda.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring