Fargʻonadan Xitoyga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi

12:21 05 Avgust 2024 Jamiyat
207 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati hokimi Xitoyning “Chengdu Airlines” aviakompaniyasining marketing boʻyicha direktori Syao Libo hamda kompaniya hamkorlaridan tashkil topgan delegatsiyani qabul qildi.

Yuzma-yuz muloqotda “Chengdu Airlines” aviakompaniyasi tomonidan Xitoy shaharlaridan Fargʻona viloyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri qatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrib chiqildi.

Ayni paytda Fargʻona vodiysida 11 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu boradagi hamkorlik ikki tomonlama turizm, savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik koʻlamini yanada rivojlantirish imkonini berishi bilan ahamiyatli.

Uchrashuvda Fargʻonadan Xitoyning Urumchi, Shanxay, Guangjou, Chengdu kabi shaharlariga aviaqatnovlarni amalga oshirish, bosqichma-bosqich hududlar qamrovi va parvozlar sonini oshirib borish maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi.

— Rejaga koʻra, dastlab oʻrtacha 100 oʻrinli samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Talab va ehtiyoj asosida keyinchalik sigʻimi katta samolyotlar tashkil qilinadi, — deydi “Chengdu Airlines” aviakompaniyasining marketing boʻyicha direktori Syao Libo.

Hozirda kompaniya tasarrufida qariyb 80 ta zamonaviy samolyotlar boʻlib, ularning 50 tasi uzoq masofaga yoʻlovchi tashishga moʻljallangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?