Fargʻonada qad rostlayotgan yurtimizdagi ilk ekoshahar qurilishining birinchi bosqichi yakunlanmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bugun koʻz oʻngimizda dunyoning megapolis shaharlari bilan boʻylashayotgan Fargʻona shahrining oʻziga xos yangi timsoli yaratilmoqda. Unda bir paytning oʻzida sharqona latofat, zamonaviy shaharsozlik va landshaft arxitekturasi anʼanalari oʻzaro uygʻunlashtirilib, tarix soʻqmoqlaridan mardonavor oʻtib kelayotgan koʻhna kentimiz tobora muhtashamlik va ulugʻvorlik kasb etib borayotir.
Ayni kunlarda Fargʻona shahrining yaqin yillargacha yayrab bir giyoh unmagan, tosh-shagʻaldan iborat dasht hududida boshlangan ekoshahar qurilishining birinchi bosqichi yakuniy pallaga kirdi. Bundan ikki-uch yil avval shu yerda zamonaviy shahar qurilishiga koʻpchilik ishonmagan edi. Oʻtgan qisqa davrda orzular hayotiy haqiqatga aylandi.

Zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qad rostlayotgan ekoshaharda 300 gektar maydonda 80 ming aholi yashashiga moʻljallangan 7, 9, 16 va 25 qavatli uylarga hamohang tarzda taʼlim, tibbiyot, sport majmualari, bogʻ va xiyobon, hordiq maskanlari, savdo, xizmat koʻrsatish, servis shoxobchalarini qurish katta uyushqoqlik bilan olib borilyapti. Bunyodkorlik jarayonida qudratli texnikalar, 50 dan ortiq pudratchi korxonalar hamda 2 ming nafardan ziyod quruvchilar mehnat qilmoqda. Hozirda birinchi bosqichda belgilangan ishlar yakuniga yetkazilib, 12 ming nafar hamyurtlarimizga yashash uchun eng qulay shart-sharoitlar muhayyo etildi.
Aytish joiz, ekoshahar qurilishi loyihasi mamlakatimizda oʻxshashi yoʻq – noyob va mukammal yondashuv asosida ishlab chiqilgan boʻlib, bu borada ekologik toza, “yashil” iqtisodiyotga asoslangan innovatsion gʻoyalar va texnologiyalardan foydalanishga eʼtibor qaratilgan.

Shaharchadagi yangi daha ob-havosini moʻtadillashtirish, doimiy obi hayot bilan taʼminlash maqsadida umumiy uzunligi 11 kilometr boʻlgan kanal qurilishi yakuniga yetkazildi. Suv resurslaridan unumli foydalanish maqsadida ariqlar betonlashtirilib, aqlli sugʻorish tizimlari joriy etildi.
Yangi shaharchada sunʼiy koʻl va zamonaviy favvoralar qurilishi poyoniga yetkazildi. Fargʻona tumanining Damkoʻl qishlogʻidan 14,2 kilometr toza ichimlik suvi, 7,5 kilometr yuqori kuchlanishga ega boʻlgan elektr tarmoqlari tortildi. 11,2 kilometr yangi kanalizatsiya quvurlari ishga tushirildi. Istiqbolli loyihalar dasturiga koʻra, bu yerda yuzlab bolalar maydonchalari va oʻyingohlar, 10 ta bogʻcha va 6 ta maktab quriladi. 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasining ishga tushirilishi hisobiga 20 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratish maqsad qilingan.

Ayni jarayonda 420 oʻrinli 3 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 990 oʻrinli 2 ta umumtaʼlim maktabi, 250 qatnov oʻrinli markaziy poliklinika qurilishi yakunlandi.
Ekoshaharda 70 gektar yerda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi tashkil etilyapti. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning oʻzida 35 ming tup 20 xildan ortiq manzarali koʻchatlar ekildi. Eʼtiborlisi, endilikda bunday koʻchatlarni katta mablagʻ evaziga chetdan olib kelishga hojat qolmadi. Ixtisoslashgan xoʻjaliklar, mirishkor tomorqachilar tomonidan mahalliy iqlim sharoitiga mos eng noyob koʻchatlar yetkazib berilmoqda.
Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan belgilangan ishlarni oʻz vaqtida, sifatli va tizimli amalga oshirish maqsadida shu yerning oʻzida qurilish shtabi tashkil etilgan. Shtab mutaxassislari maʼlumotlariga qaraganda, 4 ming oʻrinli amfiteatr qurilishi boʻyicha soʻnggi pardozlash ishlari olib borilyapti. Sunʼiy koʻlda musiqali favvoralar oʻrnatilib, Xitoydan 30 turdagi attraksionlar olib kelinyapti. Ekoshahardagi ichki yoʻllarni Fargʻona shahrini boshqa hududlar bilan tutashtiruvchi Halqa yoʻliga bogʻlash, jamoat transporti qatnovi uchun shohbekat barpo etish maqsadida amaliy saʼy-harakatlarga kirishildi. Oʻzbekiston Qahramoni, mashhur fermer Lolaxon Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan maktab bunyod etilayotir.

— Shu kunga qadar qurib bitkazilgan 4 ta 7 qavatli uylarimizning birinchi qavatiga xizmat koʻrsatish majmualari joylashtirilgan boʻlsa, tom qismida jahon andozalari asosida yashil maskanlar tashkil etilib, turli koʻngilochar va hordiq chiqarish joylari barpo etilyapti, — deydi “Yulduz” MCHJ ish yurituvchisi Rayimjon Ortiqov. — Ekoshahardagi barcha uylarda boʻlgani kabi bizning uylarda ham tabiiy gazdan foydalanilmaydi. Quyosh panellari, “aqlli” va tejamkor jihozlardan foydalaniladi.
Hisob-kitoblarimizga koʻra, bitta xonadonni isitish uchun bir oila oyiga oʻrtacha 35 ming soʻm sarflaydi. Elektr taʼminoti uchun ham imtiyoz qoʻllanib, belgilangan taʼrifning 50 foizi miqdorida haq toʻlash tizimi joriy etilgani ham eʼtiborga loyiq.
Hozirda xonadonlarning bir kvadrat metri xaridorlarga oʻrtacha 4,5 – 5,5 million soʻmdan, ipoteka krediti, subsidiya asosida olish uchun taklif qilinmoqda. Har bir koʻp qavatli uy hovlisida bolalar va sport maydonchasi, Janubiy Koreya tajribasi boʻyicha qurilgan oʻrindiqlar mavjud.

Viloyat hokimining tashabbusi bilan yangi uylarning yertoʻla qismida kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun 20 dan koʻproq zamonaviy uy-joy qurib, foydalanishga topshirildi.
“Margʻilon binokor taʼmir” MCHJ quruvchisi Hojiakbar Erkinov 19 yoshda. Bugungacha uning boshidan koʻp sinovlar oʻtib, yillar davomida uysizlik azobidan qiynalib yashadi. Ustiga ustak I guruh nogironi boʻlgan onasi Hamida Abdullayeva yaxshi parvarishga muhtoj. Unga yaqinda ikki xonali ijtimoiy uy bepul berildi.
— Yangi uy qoʻshaloq xursandchiliklar tuhfa etdi, — deydi Margʻilon shahridan koʻchib kelgan Muqaddam Tillaboyeva. — Ekoshahardagi xonadonimizda ikkinchi qizimiz Xadichabonu tugʻildi. Tinch, yam-yashil yoʻlaklar, soʻlim xiyobonlar boʻylab har kuni sayr qilamiz.

Ekoshaharda uy oluvchiga ham, qurilish tashkilotiga ham imtiyozlar bor. Bank krediti, subsidiya ajratish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari bilan bogʻliq masalalarni tez va oʻz vaqtida hal etish maqsadida shu yerning oʻzida Ipoteka markazi qurib bitkazildi.
Shu tariqa Ekoshahar kundan kunga kengayib, shahar ichidagi megapolis shaharcha maqomiga ega boʻlib bormoqda. Ayni jarayonda yangilanish, taraqqiyot va istiqbol odimlari Fargʻona shahrining bugungi koʻrku tarovatiga mos ravishda oʻzaro uygʻunlik kasb etib borayotgani ayni haqiqat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring