Fargʻonada murojaatlar sunʼiy intellekt asosida nazorat qilinmoqda
Fargʻona shahrida davlat boshqaruvi va xizmatlari sohasida zamonaviy hamda innovatsion yondashuvlar asosida xizmat koʻrsatish sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Ayni jarayonda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar joriy etilgan holda Fargʻona shahrida raqamli monitoring markazi oʻz faoliyatini boshladi. Ushbu tizim orqali fuqarolarning turli mazmundagi murojaatlari telefon, Telegram-bot va elektron platformalar orqali onlayn shaklda qabul qilinadi. Natijada har bir murojaat tahliliy asosda oʻrganilib, uning ijrosi qatʼiy nazoratga olinadi.
Markazga kommunal xizmatlar, jumladan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suvi, issiqlik taʼminoti, chiqindilarni olib chiqish boʻyicha murojaatlarni onlayn tarzda yoʻllash mumkin. Shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar, bandlik, qurilish va arxitektura, kadastr, uy-joy masalalari, ekologiya, favqulodda holatlar kabi barcha yoʻnalishlar boʻyicha murojaatlar qabul qilinib, zudlik bilan ijroga kiritiladi.
— Bu borada davlatimiz rahbarining 2025-yil 22-oktyabrda qabul qilingan “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda, — deydi Fargʻona shahar hokimi oʻrinbosari Yusufjon Yusupov. — Belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida shahardagi tashkilot, korxona va muassasalarning murojaatlar bilan ishlashga masʼul boʻlimlari yagona markaziy axborotlar bazasiga integratsiya qilindi.

Yangi tizimning asosiy afzalligi shundaki, har bir murojaat avtomatik ravishda toifalanib, toʻgʻridan-toʻgʻri tegishli tashkilotdagi masʼul ijrochiga yoʻnaltiriladi. Ijro muddati va sifati doimiy monitoring qilinadi, bu esa takrorlanuvchi hamda tizimli muammolarni aniqlash imkonini beradi.
Murojaatlar bilan ishlash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar asosida tahliliy takliflar ishlab chiqiladi. Eng muhimi, ijro intizomi inson omilisiz monitoring qilinadi. Bu esa aholining kunning istalgan vaqtida murojaat yoʻllashi va ularning tezkor hal etilishini taʼminlaydi.
Mazkur tizim sunʼiy intellekt sohasidagi mutaxassislar salohiyatini oshirish, xizmatlar koʻlamini kengaytirish, axborot tizimlarini integratsiya qilish hamda ijtimoiy va kommunal sohalar faoliyatini oʻzaro muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring