Fargʻonada bayram shukuhi: nafosat va goʻzallik malikalariga ehtirom

14:01 10 Mart 2026 Jamiyat
142 0

Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyat bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Burxon Qoʻldoshev viloyat hokimining fargʻonalik xotin-qizlarga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Tabrikda xonadonlarimiz fayzi va farishtasi, hayotimiz quvonchi hamda kelajagimiz bunyodkori boʻlgan munis ayollarimiz eng ezgu tilaklar izhor etildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, yurtimizda xotin-qizlarning oliy taʼlim olishi, zamonaviy va kelajak kasblarini egallashi hamda jamiyatimizda rahbarlik vazifalarida ishlashi uchun barcha qulayliklar yaratib berilmoqda.

Hayotbaxsh islohotlar samarasini birgina Fargʻona viloyati misolida ham koʻrish mumkin. Xususan, bugungi kunda viloyatda faol xotin-qizlar soni bundan uch yil oldingiga qaraganda ikki barobarga koʻpaygani eʼtiborga molik. Ayni paytda rahbar ayollar soni 2 ming 700 nafardan oshib. 2022-yildagi 526 nafar koʻrsatkichga nisbatan bir necha barobar oshishiga erishildi.

Oʻtgan yilgi sarhisobga koʻra, oliy taʼlimda tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 53,5 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, bu boradagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 750 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt mablagʻlari qoplab berildi. “Ayollar daftari” asosida ularga har jihatdan koʻmaklashish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar davom etayotir.

Shuningdek, tadbirda joriy yilgi bayram munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga muvofiq, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh faollar yutugʻi eʼtirof etildi. Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan ikki nafar kelajagimiz vorislarining kelgusi ishlariga omad va muvaffaqiyatlar tilandi.

Taqdirlanganlarga davlat mukofotlari, bir guruh xotin-qizlarga “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonlari, Fargʻona viloyati hokimligining faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

—Hozirda shahrimizdagi 35 mingdan ortiq oilada qariyb 50 ming nafar aholi istiqomat qiladi,—deydi Quvasoy shahar hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Nigoraxon Ubaydullayeva.—Quvasoy shahar oila va xotin-qizlar boʻlimi keyingi uch yilda viloyatda ish faoliyati samaradorligi – KPI tizimida eng yuqori ball bilan baholanib, birinchi oʻrinni egalladi. Kuni kecha davlatimiz rahbari farmoniga koʻra, ushbu ordenga munosib koʻrilganim ushbu yutuqlarning amaldagi eʼtirofidir.

Bayram tadbirida elimiz suygan sanʼatkorlar ijrosidagi konsert dasturi unga yanada fayz va shukuh baxsh etdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер