Fargʻonada 1,4 mlrd soʻmlik subsidiya mablagʻlari oʻzlashtirib yuborilgani aniqlandi

10:43 07 Noyabr 2025 Iqtisodiyot
320 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyatida 1,4 milliard soʻmlik subsidiya mablagʻlari oʻzlashtirib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-iyuldagi 307-son qarori asosida ajratilgan subsidiya mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi boʻyicha Fargʻona viloyatida oʻrganish oʻtkazilgan. Oʻrganish davomida, 2023-2024-yillar davomida tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan jami 9,3 mlrd soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlardan 1,4 mlrd soʻmlik qismi oʻzlashtirib yuborilgani aniqlangan.

Jumladan:

• Uchkoʻprik tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 37 nafar kasanachiga 309,4 mln soʻmlik;

• Rishton tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 42 nafar kasanachiga 277,2 mln soʻmlik;

• Bagʻdod tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 54 nafar kasanachiga 275,0 mln soʻmlik;

• Beshariq tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 33 nafar kasanachiga 192,4 mln soʻmlik;

• Qoʻqon shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 17 nafar kasanachiga 160,5 mln soʻmlik asbob-uskunalar yetkazib berilmagan;

• Fargʻona tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 14 nafar kasanachiga 106,3 mln soʻmlik;

• Fargʻona shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 15 nafar kasanachiga 98,0 mln soʻmlik;

• Dangʻara tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 7 nafar kasanachiga 51 mln soʻmlik;

Shuningdek, jami 335,0 mln soʻmlik subsidiya mablagʻlari asossiz ajratilganligi aniqlangan. Xususan, 6 nafar fuqaro nomiga ikki marotaba, yaʼni takroriy tarzda jami 34,9 mln soʻmlik subsidiya mablagʻlari qaror talablariga zid ravishda ajratilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-maydagi 252-son qarori asosida viloyat boʻyicha tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 47 nafar fuqaroga asbob-uskunalar xaridi yoʻnalishida avval subsidiya mablagʻi olgan boʻlishiga qaramay, takroran jami 300,1 mln soʻm subsidiya ajratilgani maʼlum boʻlgan.

“Qaror talabi boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻlimi xodimlari hamda hokim yordamchilari tomonidan subsidiya mablagʻlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring tadbirlari orqali nazorat qilib borish ishlarida ham masʼuliyatsizlik va qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyilgan”, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, toʻplangan materiallar asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?