Fargʻona viloyati delegatsiyasi xalqaro savdo koʻrgazmasida ishtirok etdi

Joriy yilning 15-19-avgust kunlari Xitoyning Shinjon-Uygʻur avtonom rayonidagi Qashgʻar shahrida 15-Markaziy va Janubiy Osiyo xalqaro savdo koʻrgazmasi oʻtkazildi. Mazkur koʻrgazmada Fargʻona viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Mirzohid Ubaydullayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi ham qatnashdi.
Yarmarka doirasida dunyoning 40 dan ortiq mamlakati va Xitoyning turli hududlaridan yuzlab korxonalar oʻz mahsulot hamda xizmatlarini namoyish etdi. Unda Fargʻona viloyatining investitsiyaviy salohiyati hamda xorijlik sarmoyadorlarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.
— Oʻtgan yili Fargʻona viloyati va Xitoy oʻrtasidagi umumiy tovar aylanmasi 663 mln AQSH dollarini tashkil etdi, — dedi tantanali marosimda soʻzga chiqqan M.Ubaydullayev. — Eʼtiborlisi, soʻnggi yillarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik koʻlami barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda.
Ayni jarayonda qishloq xoʻjaligi, qurilish, sanoat, xizmatlar, turizm, axborot texnologiyalari kabi turli yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalari doimiy yuksalishda. Fargʻona viloyatida xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Qulay investitsiyaviy muhit tufayli xitoylik tadbirkorlar Fargʻonaga sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirayotgani eʼtiborga molik.
Yuzma-yuz muloqotlarda Fargʻona va Qashgʻar shaharlari, Qoʻqon shahri va Zepu tumani, Margʻilon shahri va Shache tumani oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. “Dilrabo travel” sayyohlik kompaniyasi hamda Qashgʻar turizm tashkiloti hamkorligi masalasida kelishib olindi. “Fargʻona — Qashgʻar” yoʻnalishida aviaparvozlar tashkil etish taklifi maʼqullandi.
Tadbirlar doirasida “Qashgʻar” maxsus sanoat zonasi hududida joylashgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishildi. Shinjon-Uygʻur avtonom rayonidagi tadbirkorlik subyektlari, qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik, ijtimoiy soha muassasalari faoliyati koʻzdan kechirildi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring