Fargʻona tinchlik forumi tantanali ravishda oʻz faoliyatini boshladi

11:29 15 Oktyabr 2025 Jamiyat
184 0

Shu yilning 15-16-oktyabr kunlari Fargʻona viloyatida “Fargʻona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yoʻlida saʼy-harakatlarni birlashtirish” mavzusida Fargʻona tinchlik forumining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Nufuzli anjuman Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Progressiv islohotlar markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Tinchlikni barpo etish xabi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamkorligida, shuningdek, BMT va Yevropa Ittifoqi koʻmagida oʻtkazilmoqda.

Forumning asosiy maqsadi muloqot, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash hamda Fargʻona vodiysini har jihatdan rivojlantirish uchun doimiy platforma yaratishdan iboratdir.

Unda MDH, Osiyo, Yevropa va AQSHning yetakchi tahlil markazlari ekspertlari, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati institutlari, tadbirkorlar, ilm-fan namoyandalari hamda faol yoshlar ishtirok etmoqda.

Yuzma-yuz muloqotlarga BMT, SHHT, MDH, YEI, YEXHT kabi oʻnlab nufuzli xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari ham taklif etilgan.

15-oktyabr kuni ertalab Fargʻona shahrida Fargʻona tinchlik forumi birinchi yigʻilishining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda dunyoning turli mamlakatlari va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, Tojikistonning Soʻgʻd va Qirgʻiz Respublikasining Botken viloyati rahbarlari qatnashdi.

Tantanali marosimni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ochib, ilk bor oʻtkazilayotgan Fargʻona tinchlik forumi xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim maydon boʻlayotganini qayd etdi.

Tinchlik forumining birinchi yigʻilishida soʻzga chiqqan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov barcha ishtirokchilarni anjuman bilan qutladi. Fargʻona tinchlik forumi — bu Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik mintaqasiga aylantirish siyosatining amaldagi ifodasi ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, Soʻgʻd va Botken viloyati rahbarlari soʻnggi toʻqqiz yil ichida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari misli koʻrilmagan darajaga yetgani, Prezidentlarimizning ochiq va pragmatik siyosati, doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari tufayli Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston hamkorligi yangi bosqichga koʻtarilganligini qayd etdilar.

Ayni paytda forum tadbirlari belgilangan dastur doirasida davom etmoqda.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?