FAO Oʻzbekistonning nodulyar dermatit kasalligi xavfiga tayyorligini oshirishga koʻmaklashadi

20:49 22 Dekabr 2022 Jamiyat
756 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) mamlakatda nodulyar dermatit xavfi kelib chiqishiga qarshi kurashish maqsadida Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga laboratoriya asboblari va reagentlarni topshirdi. 

Ushbu koʻmak FAOning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyoda qoramollarning nodulyar dermatitiga mintaqaviy tayyorgarlikni kuchaytirish» loyihasi doirasida koʻrsatildi.

«FAO tomonidan taqdim etilgan yordam tufayli biz endi hayvonlar kasalliklarini tezroq va samaraliroq aniqlay olamiz. Bundan buyon moddiy-texnika bazasi mustahkamlangani tufayli vaqtni tejaydigan va yuqoriroq aniqlik beradigan Polimeraza zanjiri reaksiyasi (PZR) usuli asosida diagnostika oʻtkazish imkoniga ega boʻldik. Taʼkidlash joizki, ilgari FAO loyihasi doirasida markazimiz xodimlari nodulyar dermatitga qarshi kurashga bagʻishlangan turli treninglarda ham malaka oshirishgan», deydi Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi direktori Bahriddin Tangyarikov.

FAO mamlakatlarga nodulyar dermatit va boshqa transchegaraviy hayvon kasalliklariga qarshi kurashishda yordam berish boʻyicha katta tajribaga ega. Tashkilotning «Markaziy Osiyoda qoramollarning nodulyar dermatitiga mintaqaviy tayyorgarlikni kuchaytirish» loyihasi Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonda amalga oshirilmoqda va ushbu mamlakatlarda kasallik tarqalishining oldini olish va agar u aniqlansa, samarali javobni taʼminlashga qaratilgan. Xususan, loyiha doirasida nodulyar dermatit aniqlangan taqdirda favqulodda vaziyatlar boʻyicha milliy rejalar, epidemiologik kuzatuv strategiyasi va emlash strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, loyihaning amalga oshirilishi, daromadi bevosita chorvachilikka bogʻliq boʻlgan mayda fermerlardagi zararlarni oldini olish imkonini beradi.

Nodulyar dermatit — bu hasharotlar tomonidan tashiladigan yirik shoxli qoramollar chechak virusi. Bu kasallik inson salomatligi uchun xavf tugʻdirmaydi, lekin sut mahsuldorligi va hayvonlarning tana vaznining pasayishi tufayli chorvachilikka katta iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin. Ilgari kasallik faqat Afrikada topilgan, ammo soʻnggi oʻn yil ichida u butun Yaqin Sharqqa tarqaldi, shuningdek, Turkiya, Bolqon, Kavkaz, Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistonga taʼsir koʻrsatdi. Bularning barchasi qoʻshni mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida ham kasallik xavfini sezilarli darajada oshirdi. Masalan, kasallik holatlari qayd etilgan Qozogʻiston bilan chegaradosh Qirgʻiziston va Oʻzbekiston allaqachon profilaktika choralarini koʻrishga kirishgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер