FAO mutaxassislari fermerlarga issiqxonalarni samarali boshqarishni oʻrgatmoqda

14:36 27 Iyun 2023 Iqtisodiyot
650 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Hosildor zamin” oʻquv majmuasi-koʻchatxonasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi Tashkiloti (FAO) ning navbatdagi mashgʻuloti boʻlib oʻtdi. Bu safar ular mohirona yondashilganda yaxshi daromad manbaiga aylanishi mumkin boʻlgan issiqxonalardan samarali foydalanish boʻyicha tinglovchilarga bilim va koʻnikmalar berdilar. Mashgʻulotlar Global Ekologik Jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) loyihasi koʻmagi bilan tashkil qilindi.

“CACILM-2 mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi Markaziy Osiyo va Turkiyada qurgʻoqchilikka moyil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish koʻlamini kengaytirishdan iborat. Qashqadaryo viloyati sugʻorish suvining taqchilligi bilan ajralib turadi va issiqxona xoʻjaligini tashkil etish yil davomida ekinlarni samarali yetishtirish va yuqori hosil olishga xizmat qiladi, shuningdek, suv resurslarini tejashga yordam beradi”, — dedi CACILM-2 loyihasi milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Mashgʻulotlar davomida FAO mutaxassislari issiqxonalardan foydalanishning tashkiliy va iqtisodiy asoslari, koʻchat yetishtirish uchun issiqxonani tayyorlash rejasini qanday tuzish haqida taqdimotlar qilishdi. Pomidor va boshqa shunga oʻxshash ekinlarni yetishtirishni takomillashtirish masalalari, noyob sabzavotlarni yetishtirishning oʻziga xos xususiyatlari koʻrib chiqildi. Agrotexnik jarayonlarni maqbullashtirish va avtomatlashtirish uchun raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, resurslardan oqilona foydalanish va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun kimyoviy moddalardan minimal foydalanishni nazarda tutuvchi “aqlli qishloq xoʻjaligi” masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“Hosildor zamin” oʻquv majmuasi-koʻchatxonasi tinglovchilari ushbu hududdagi ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʻir boʻlgan alohida oilalari, shuningdek, muammolarni roʻyxatga olish, aniqlash, bartaraf etish va nazorat qilish boʻyicha sektor rahbarlari nazoratiga olingan maʼlumotlar bazasi hisoblangan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda ijtimoiy muhtoj va sohaga qiziqqan yoshlardan iborat.

Eslatib oʻtamiz, “Hosildor zamin” oʻquv majmuasi-koʻchatxonasi mevali daraxtlarning mahalliy navlarini asrash, ularni oʻzgarib borayotgan iqlim sharoitlariga moslashtirish hamda in-vitro usulida koʻpaytirish maqsadida tashkil etilgan. Loyiha “Zamin” fondi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimligi oʻrtasidagi bitim doirasida Yevropa Ittifoqi va Jahon banki koʻmagida tashkil etilgan. Oʻquv dasturi FAO ekspertlari, Toshkentdagi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti va akademik M.Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan hamda ular taʼlim jarayonining barcha bosqichlarida seminar va treninglar oʻtkazishga jalb qilinadi.

Treninglar davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlari vakillari Qashqadaryo viloyati iqlim sharoitida tadbirkorlik asoslari va qishloq xoʻjaligidagi innovatsiyalarni oʻrganmoqda. Yangi bilim va koʻnikmalar keyinchalik bandlik masalalarini hal etish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?