Faxriylar mehnatining munosib e’tirofi

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qarori bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, yurt ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo‘lida faol mehnat qilayotgan, bugungi kunda ham jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etib, ibrat bo‘layotgan yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, jamg‘arma boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom, ularning salomatligini asrash, hayotini mazmunli o‘tkazish borasida g‘amxo‘rliklar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning tegishli Farmoni va qarori asosida har yili “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi tomonidan uzoq va samarali mehnat qilgan, el-yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlab kelinmoqda.
Joriy yilda ham turli soha vakillari, shu jumladan, professor-o‘qituvchilar, olimlar, tibbiyot, xalq ta’limi, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va san’at sohalari vakillaridan bir guruhi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tantanali taqdirlash marosimida jamiyatimizning faol faxriylari — olimlar, akademiklar, ilm-fan, adabiyot, madaniyat, sport, san’at, sog‘liqni saqlash, xalq xo‘jaligi sohalari fidoyilari, shuningdek, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faxriylariga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi.
“Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori Ortiqboy Ishanqulov mamlakatimizda yuz nafardan ziyod iqtidorli yoshlarning fan olimpiadalarida faol qatnashib, oltin, kumush, bronza medallariga sazovor bo‘lishi, ellik nafardan ortiq yoshning diplom va sertifikat bilan taqdirlanishiga munosib hissa qo‘shgan.
— Prezidentimizning biz, nuroniylarga ko‘rsatayotgan ulkan e’tiboridan g‘oyat mamnunmiz, — dedi O. Ishanqulov. — Bunday savobli yumushlar bizlarni yoshlar ta’lim-tarbiyasiga yanada ko‘proq mas’uliyat bilan yondashishga chorlaydi.
Tantanali tadbirda san’at ustalari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Mohinur KOMILOVA,
“Nuroniy” jamg‘armasi matbuot kotibi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring