Yevropa parlamentida Oʻzbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik va gender tenglik masalalari muhokama qilindi

Yevropa parlamenti mezbonligida “Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi: demokratik islohotlarni va gender tenglikni ilgari surishda parlamentlararo muloqotning roli” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxanov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi aloqalar jadal rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi. Xususan, 2025-yil aprel oyida Samarqandda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oʻzaro ishonchli muloqotni yana-da mustahkamlab, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ochib berdi.
Ushbu jarayonda parlamentlararo muloqot muhim oʻrin tutayotgani, qonunchilik boʻyicha tajriba almashish, islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va xalqlar oʻrtasida oʻzaro tushunishni kuchaytirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Davra suhbati davomida inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash, yoshlar siyosati va ayollarning ijtimoiy-siyosiy jarayondagi ishtirokini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Oʻzbekistonda 2030-yilgacha moʻljallangan gender tenglik strategiyasi qabul qilingani, ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi roli tobora ortib borayotgani taʼkidlandi. Ayollarning parlament, boshqaruv, taʼlim va tadbirkorlik sohalaridagi faolligi misol qilib keltirildi.
Tadbir ishtirokchilari Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida oʻz aksini topgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, gender tenglikni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, islohotlarni qoʻllab-quvvatlashda parlamentlararo muloqotning rolini kuchaytirish, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring