Yevropa xavf ostida: harorat haddan tashqari oshishi yongʻinlar xavfini oshirmoqda

Yevropada kuzatilayotgan kuchli issiqlik tufayli Gretsiyaning Krit orolida yirik yongʻinlar boshlandi. Kuchli shamollar taʼsirida yongʻinlar tez tarqalmoqda va natijada 5 mingga yaqin kishi, jumladan, 3 ming sayyoh va 2 ming mahalliy aholi xavfsiz hududlarga koʻchirildi.
Yongʻin Krit orolining janubi-sharqida joylashgan Ierapetra shahri yaqinida boshlanib, uy-joylar va mehmonxonalarga ham tahdid solmoqda. 230 nafar oʻt oʻchiruvchi, 46 ta texnika va vertolyotlar jalb qilingan boʻlsa-da, kuchli shamollar ishni qiyinlashtirmoqda. Toʻrt aholi punkti evakuatsiya qilindi.
Gretsiyaning boshqa hududlarida ham yongʻinlar qayd etilmoqda. Xususan, Xalkidiki mintaqasida 160 nafar oʻt oʻchiruvchi va 49 ta texnika ishtirok etmoqda. Turkiyaning Izmir viloyatidagi Cheshme va Odemis shaharlari atrofida ham yongʻinlar tarqaldi. Odemis yaqinida bir kishi evakuatsiya paytida halok boʻldi.
Germaniyada ham yongʻinlar kuchaymoqda. Saksoniya va Brandenburg chegarasida joylashgan hududlarda 500 dan ziyod oʻt oʻchiruvchi jalb qilingan, biroq sobiq harbiy poligonlarda qolgan portlovchi moddalar sababli ishlar qiyinlashgan.
Fransiyada harorat 36 darajagacha koʻtarildi. Avstriya, Xorvatiya, Vengriya, Italiya, Polsha, Slovakiya va Ispaniyada ham harorat 35 darajadan yuqori boʻlishi kutilmoqda. Italiyaning Rim, Milan, Turin, Palermo kabi shaharlarida qizil darajada ogohlantirish eʼlon qilindi. Issiqlik tufayli elektr taʼminotida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi mumkin.
Italiyada kuchli issiqlik tufayli 5 kishi halok boʻldi. Sardiniya orolida 75 va 60 yoshli ikki kishi, Genovada 85 yoshli erkak, Bolonya yaqinida 47 yoshli quruvchi va Palermoda 53 yoshli ayol vafot etdi.
Ispaniyaning Lleida viloyatida 5,500 gektar maydon yondi, ikki kishi halok boʻldi. Albaniyada harorat 40 darajani tashkil etdi, qishloq xoʻjaligiga katta zarar kelmoqda. Serbiyada esa kuchli qurgʻoqchilik ekinlarga salbiy taʼsir qilmoqda.
Olimlarning fikricha, Yevropada bu yil issiq toʻlqinlar odatdagidan ancha erta boshlandi. Ayrim hududlarda harorat 10 darajaga oshib ketgan. Dengiz suvlarining isishi oqibatida “issiqlik gumbazi” hosil boʻlib, u qitʼa hududida issiq havoni ushlab qolmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring