Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni uzaytirmoqchi biroq…

09:47 01 Iyul 2025 Dunyo
129 0

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni 2026-yil oxirigacha uzaytirdi. Yevropa davlatlari Rossiyaning Ukrainaga nisbatan davom etayotgan harbiy harakati tufayli joriy qilingan iqtisodiy cheklov choralarini yana bir yilga uzaytirish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bu haqda 30-iyun kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari maʼlum qildi.

Mazkur hujjatda qayd etilishicha, Rossiya xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini buzishda davom etar ekan, unga nisbatan avvalgi barcha sanksiyalar toʻliq kuchda qoladi. Yevropa Ittifoqi ushbu choralarni Rossiyaning “asossiz, noqonuniy va tajovuzkor harbiy harakatlariga” javoban kiritganini eslatib oʻtdi.

Amaldagi iqtisodiy sanksiyalar savdo, moliya va energetika sohalarini, shuningdek sanoat va transport yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladi. Xususan, Rossiya neftining dengiz orqali Yevropa Ittifoqiga import qilinishi taqiqlangan, bir nechta Rossiya banklari SWIFT xalqaro toʻlov tizimidan uzib qoʻyilgan.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi hozirda Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini tayyorlamoqda. Yangi cheklovlar Rossiyaning energiya resurslari savdosidan tushayotgan daromadini qisqartirish, moliya va harbiy sohalarini nishonga olishni koʻzda tutadi. Jumladan, Rossiya xomashyosidan tayyorlangan neft mahsulotlarini import qilishni taqiqlash, shuningdek, Rossiyaning “soya flotiga” mansub 77 ta kemani sanksiyalar roʻyxatiga kiritish taklif qilinmoqda.

Biroq yangi sanksiyalar paketi yuzasidan barcha davlatlar bir fikrda emas. Xususan, Vengriya va Slovakiya Yevropa Ittifoqining Rossiya energiya resurslaridan bosqichma-bosqich voz kechish rejalariga qarshi chiqib, sanksiyalarni bloklash bilan tahdid qilmoqda. Taʼkidlash joiz, sanksiyalar paketi kuchga kirishi uchun barcha Yevropa Ittifoqi aʼzolarining yakdil roziligi talab etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер