"Eski shahar” hududida Milliy savdo shaharchasi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni investitsiya sohasiga doir avvalgi topshiriqlar ijrosi va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Joriy yil 11-yanvar kuni tijorat banklari tomonidan jami qiymati 1 milliard dollar boʻlgan investitsiya loyihalari hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan jami qiymati 8,6 trillion soʻm boʻlgan 9 ta yirik sanoat loyihasi taqdimot qilingan edi.
Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga muvofiq, mazkur loyihalarni sifatli amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar, muddatlar va masʼullar belgilangan “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Bundan tashqari, tijorat banklari tomonidan qoʻshimcha ravishda yangi investitsiya loyihalari tayyorlandi. Taqdimotda ushbu yangi loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, 10 ta yirik tijorat banki tomonidan jami qiymati 1,5 milliard dollar boʻlgan 136 ta yangi loyiha takliflari ishlab chiqildi.
Xususan, Agrobank tomonidan toʻqimachilik klasterlari bilan birgalikda qoʻshimcha 43 ta loyiha shakllantirilgan. Jami 501 million dollarlik ushbu loyihalar natijasida paxta tolasini qayta ishlash darajasi ancha oshib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlami kengayadi.
Milliy bank tomonidan joriy yilda 225 million dollarlik 6 ta yangi loyihani amalga oshirish koʻzda tutilmoqda. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy hamda Namangan viloyatlarida polivinilxlorid va alyuminiy romlar ishlab chiqarish, poytaxtimiz va Toshkent viloyatida poyezd vagonlari hamda yuk mashinalariga xizmat koʻrsatuvchi transport-logistika markazini tashkil qilish loyihalari shular jumlasidandir.
Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 110 million dollarlik loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bunda, yiliga 600 ming tonna poʻlat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati paydo boʻladi.
Ipoteka bank Quyi Chirchiq tumanida 27 gektardan ziyod maydonda zamonaviy logistika faoliyatini tashkil etish loyihasiga sarmoya kiritmoqchi. Bu korxona bir vaqtda 120 ta yuk mashinasi va 25 ta vagonga xizmat koʻrsatish imkoniga ega boʻladi.
Asaka bank krediti ishtirokida poytaxtimizning “Eski shahar” hududida Milliy savdo shaharchasini tashkil etish moʻljallangan.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar avvalo ish oʻrinlari yaratish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Iqtisodiy kompleks idoralari ishni mahallalar darajasida tashkil etishi, tijorat banklari joylarda yuqori samarali loyihalarni amalga oshirib, ayniqsa, yosh tadbirkorlarga keng yoʻl berishi kerakligi qayd etildi.
Buning uchun mahallalarda bankning yangi boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish, har bir tuman va mahallaning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalarni tayyorlash hamda aholiga undan daromad topishni oʻrgatish muhimligi taʼkidlandi.
Taqdimotda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida tashkil etilgan sanoat zonasi hududida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ham tanishtirildi. Ushbu sanoat hududi 200 gektar boʻlib, unda qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va boshqa bir qator muhim sohalarda jami qiymati 4,6 trillion soʻmlik 71 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring