Erondagi namoyishlarda 12 mingdan ortiq odam halok boʻldi – OAV

12:52 14 Yanvar 2026 Dunyo
306 0

Videodan kadr

Erondanda ikki haftadan ortiq davom etayotgan ommaviy hukumatga qarshi namoyishlarni bostirish jarayoni avval xabar qilinganidan ancha qonli kechayotgan boʻlishi mumkin. “CBS News” nashri manbalariga tayanib maʼlum qilishicha, mamlakatda telefon aloqasi qisman tiklanganidan soʻng, kamida 12 ming nafar, ehtimol 20 ming nafargacha odam halok boʻlgani haqida axborotlar olingan.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper parlamentda soʻzlagan nutqida London rasmiylari ixtiyoridagi maʼlumotlarga koʻra, halok boʻlganlar soni kamida 2 ming nafardan ortiq boʻlishi mumkinligini aytdi. Uning taʼkidlashicha, haqiqiy raqam ancha yuqori boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Vaziyat haqida aniq maʼlumot toʻplash internet va telefon aloqasining besh kundan beri toʻliq uzib qoʻyilgani sababli juda qiyin kechmoqda. 13-yanvar, seshanba kuni ayrim eronliklar mamlakatdan tashqariga qoʻngʻiroq qila olgan, ammo Eron ichiga tashqi qoʻngʻiroqlarni amalga oshirish hali ham imkonsizligicha qolmoqda.

Erondagi mahalliy mustaqil manbalarning bildirishicha, tibbiy muassasalardan kelayotgan maʼlumotlarga tayanayotgan faollar halok boʻlganlar sonini kamida 12 ming, ehtimol 20 ming nafargacha deb baholamoqda. Shu bilan birga, xavfsizlik kuchlari Tehrondagi xususiy shifoxonalarga borib, namoyishlar chogʻida jarohat olganlar haqidagi maʼlumotlarni talab qilayotgani aytilmoqda.

“CBS News” qurbonlar sonini mustaqil tasdiqlay olmagan, biroq muxolifatdagi “Iran International” telekanali ham taxminan 12 ming nafar odam halok boʻlgani haqida xabar bergan. Vashingtondagi manba esa ishonchli maʼlumotlarga koʻra, qurbonlar soni 10–12 ming oraligʻida ekanini aytgan.

Eron rasmiylari boʻlsa halok boʻlganlar soni boʻyicha muntazam axborot bermayapti. “Reuters” agentligi nomaʼlum eronlik manbaga tayanib, namoyishlar (2025-yil 28-dekabrdan buyon) boshlanganidan beri taxminan 2 ming nafar odam halok boʻlgani, zoʻravonliklar esa “chet el taʼsiridagi terroristlar”ga bogʻlanganini yozdi.

Shu bilan birga, “CBS News” internetda tarqalgan videoni tasdiqladi. Unda Tehron atrofidagi morgda kamida 366 nafar, ehtimol 400 nafardan ortiq halok boʻlganlarning jasadlari tasvirlangan. Videoda oʻq va drobovikdan yetgan jarohatlar, ogʻir tan jarohatlari ochiq koʻrinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?