Endilikda ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tgan va uni moliyalashtirgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Jahonda yuz berayotgan notinchlik, ommaviy tartibsizliklar va keskinliklar davlatlar tinchligiga putur yetkazib, xalqlarning o‘zaro do‘stligi hamda osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ayrim jinoiy guruhlar esa qonunchilikdagi bo‘shliqlardan foydalangan holda ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirish hamda ularni tashkil etish uchun maxsus tayyorlangan shaxslarni jalb etish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Jinoyat kodeksining 244-moddasida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilganlik, ularda faol qatnashganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Biroq Kodeks bilan ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, jumladan, qurol-yarog‘, portlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa buyumlar bilan muomala qilishni o‘rganganlik hamda ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.
Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun yuqorida qayd etilgan bo‘shliqni to‘ldirish hamda jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash maqsadida mazkur Qonun ishlab chiqilgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksi 244-moddasining uchinchi qismida ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda xuddi shu moddaning to‘rtinchi qismida ushbu harakatlarni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish hamda jinoyatlarni profilaktika qilish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senator tomonidan ma’qullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring